Muallimning obro‘-e’tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tibori

“Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo‘lsa, ularda qadrdon o‘qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi. Barchamizga ayonki, muallimning obro‘-e’tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir”.

Davlatimiz rahbarining 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida bildirilgan ushbu fikrlar har birimizni teran mushohada yuritishga chorlaydi. Haqiqatdan ham, insonning kamol topishida, biror sohada muvaffaqiyat qozonishida va o‘z orzulariga erishishida unga ta’lim hamda tarbiya bergan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgan jonkuyar ustozlarning xizmati beqiyos.

Bu buyuk zotlar ilm va ma’rifat nurlari bilan qalbimiz, tafakkurimiz va hayot yo‘limizni munavvar etadi. E’tiborlisi, mana shunday ulug‘ vazifani hech qanday ta’masiz bajaradi.

Ustozlarimiz erishgan yutug‘imizdan bizdan-da ko‘proq suyunadi. Qoqilsak, o‘rnimizdan turishimiz uchun beminnat ko‘maklashadi. Xato qadam tashlasak, pand-nasihatlar bilan to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.

Daholarni daho, olimlarni olim, jahongirlarni jahongir qilgan ham, aslida, ustoz. Shuning uchun ustozlari qadrlangan yurtning buyuk insonlari ko‘p bo‘ladi. Bunday davlat ravnaq topadi, xalq esa farovon yashaydi.

 Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab muallimlarning qadrini yuksaltirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. 1997 yildan e’tiboran 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida umumxalq bayrami shaklida nishonlanadi.

Ayniqsa, xalq manfaatlari va inson qadri ustuvor bo‘lgan bugungi Yangi O‘zbekistonda ustoz va muallimlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom tahsinga loyiq.

Albatta, mehribon va fidoyi o‘qituvchilarimizning, hazrat Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda, qalam ushlashni o‘rgatib, harf tanitgan muallimlarimizning chekkan zahmati haqqini ming ganj bilan ham ado eta olmaymiz. Aslida, ustozlarimiz ishonchini oqlab, ular bizdan kutgan natijani ko‘rsatsak, ya’ni ma’rifatli bo‘lib, Vatanimiz rivojiga munosib hissa qo‘shsak, shuning o‘zi kifoya. Har bir ustoz shogirdidan faqatgina shuni kutadi, xolos.

Qadrli muallimlar, jonkuyar o‘qituvchilar, mehribon murabbiylar, dunyodagi eng ulug‘ va sharafli kasb egalari – aziz ustozlar! Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan tabriklaymiz va eng samimiy ezgu tilaklarimizni yo‘llab qolamiz.

Shogirdlaringiz muvaffaqiyatidan har doim qaddingiz tog‘, qadringiz baland bo‘lsin!

O‘zbekiston Qahramoni, ustoz shoir Abdulla Oripov misralari bilan aytganda:

 

Siz mo‘jaz yurakda yoqolgan yog‘du,

Oqibat quyoshdek socha olur nur.

Buyuklar haqqiga qasamyod gap bu:

Sizdan boshlanadi asli Tafakkur!

 

Olamda ko‘p erur muborak onlar,

Tabarruk zotlar ham garchand ko‘p erur.

Sizgadir ilk rahmat, aziz ustozlar,

Munis muallimlar, Sizga tashakkur.

 

Muqaddas QOSIMOVA,

Milliy markaz Hisob-kitob bo‘limi g‘aznachisi;

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali

bosh muharririning o‘rinbosari

Powered by GSpeech