15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev bugungi kunda butun dunyo mamlakatlari uchun dolzarb bo‘lgan tashabbuslarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan muntazam ilgari surib kelmoqda. Milliy, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega ushbu tashabbuslar nafaqat yurtimiz, balki jahon jamoatchiligi tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda.

Davlatimiz rahbarining gender tenglik va xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash masalasiga alohida yuksak e’tibori ham shunday muhim tashabbuslar sirasiga kiradi. Mamlakatimizda keyingi olti yilda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish borasida erishilgan yutuqlar dunyo ahli ibratu namuna olishiga munosibdir.

Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston va BMTning bu boradagi maqsad-muddaolari mushtarak. Zero, gender tenglik, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining asosiy tamoyillaridan biridir.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ta’biri bilan aytganda, qaerdaki siyosiy va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda iqtisodiyot o‘smoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda.

O‘z navbatida, Prezidentimiz O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni BMT tavsiyalariga mos darajaga yetgani, mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlari soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarilganini g‘urur bilan ta’kidlaganlari bejiz emas.

Buyuk shaxsni buyuk ona tarbiyalaydi, deydi donishlarimiz. Buyuk onalarni tarbiyalash esa oila atalmish muqaddas dargohning muhitiga bevosita bog‘liqdir. Ona hurmat topgan oilada farzand ham oqil bo‘lib o‘sadi.

Shu kunlarda dunyoning boshqa mamlakatlari qatori yurtimizda ham yana bir umumbashariy bayram – Xalqaro qishloq ayollari kuni nishonlanmoqda. Binobarin, BMT Bosh Assambleyasi 2007 yil 18 dekabrda qabul qilgan "Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash to‘g‘risida"gi rezolyusiyaga muvofiq, 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni deb e’lon qilingan.

BMT mazkur sanada qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga e’tibor qaratishga chaqiradi. Bu o‘rinda, albatta, qishloq ayollarining ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularni zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlash masalalari nazarda tutilmoqda.

Ushbu xalqaro sana doirasida mamlakatimiz qishloqlarida istiqomat qiluvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar hamda madaniy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda. 

Bunday tadbirlarda qishloqlarda istiqomat qiluvchi xotin-qizlar hayotidan hikoya qiluvchi filmlar namoyish qilinib, kuy-qo‘shiqlar ijro etilmoqda.

Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘iniga biriktirilgan tuman hokimi yordamchisi, MFY raisi, xotin-qizlar faollari “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan xotin-qizlarning xonadonlarida bo‘lib, ularning yashash sharoitini o‘rganmoqda. Ehtiyojmand oilalar va xotin-qizlarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berilmoqda.

Faollar dalalarda paxta yig‘im-terimida qatnashayotgan qishloq ayollarining holidan ham xabar olmoqda. Terimchilar uchun dasturxon yozilib, bayram tadbiri tashkil etilmoqda. Peshqadamlarga sovg‘alar ulashilmoqda.

Aslida ham, soddadil, samimiy, mehnatsevar va g‘ayrat-shijoatga boy qishloq ayollari bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikka hamisha munosibdir. Ayniqsa, bugungi kunda ularning farzand tarbiyasi, uy-ro‘zg‘or ishlariga chalg‘ib qolmay, serqirra faoliyat bilan mashg‘ul ekani, natijada qishloq ayollari orasidan ham taniqli olima va shifokorlar, muallima va tadbirkorlar yetishib chiqayotgani har qancha tahsinga loyiq.

 

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi matbuot xizmati xodimi

Powered by GSpeech