O‘zbekiston delegatsiyasi Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasining 145-sessiyasida ishtirok etmoqda

TOSHKENT, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/.  Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Ruanda poytaxti - Kigali shahrida o‘tkazilayotgan  Parlamentlararo Ittifoq (PI) Assambleyasining 145-sessiyasida ishtirok etayotir, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Parlament quyi palatasi maʼlumotiga ko‘ra, Assambleyada 110  davlatdan mingdan ortiq milliy parlament aʼzolari, 45 nafar parlament spikeri qatnashmoqda. Sessiyaning tantanali ochilish marosimida Ruanda Prezidenti Paul Kagame ishtirok etib, tadbir qatnashchilarini qutladi.

Kun tartibida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi harakatlanuvchi kuch sifatida gender tengligi va gender masalalarini inobatga oladigan parlamentlarning rolini yana-da oshirish mavzusi bilan bir qatorda bugun dunyoda vujudga kelgan siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik muammolarga bag‘ishlangan muhokamaning o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Assambleya yakunida PIning «Demokratiya va inson xuquqlarini himoya qilish» byurosi tomonidan taklif etilayotgan «Xalqaro migratsiya darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarning mahalliy va mintaqaviy rivojlanishiga parlamentning taʼsiri hamda odam savdosi va inson huquqlari buzilishining barcha shakllariga, jumladan, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga chek qo‘yish» mavzusida rezolyutsiya qabul qilinishi kutilmoqda.

Maʼlumot uchun: Parlamentlararo Ittifoq 1889 yilda tashkil etilgan. Hozirgi paytda unga 179 ta mamlakat parlamenti aʼzo. O‘zbekiston 2017 yil oktyabr oyida Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzoligini tiklagan. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonuchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov 2020 yildan buyon Parlamentlararo Ittifoqning vitse-prezidenti hisoblanadi.

Powered by GSpeech