Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

O‘zbekiston bolalarining manfaatlari asosida BMT bola huquqlari qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish yo‘llari muhokama qilinmoqda

16 noyabr kuni Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya (BHT) qabul qilingan kun hamda O‘zbekistonning ushbu konvensiyaga qo‘shilganining 30 yilligi munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi. Unda BMT Bola huquqlari qo‘mitasining O‘zbekiston uchun tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.

Senat raisi Tanzila Narbaeva raisligida o‘tgan tadbirda senatorlar va Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari, Bola huquqlari bo‘yicha Oliy Majlis vakili, Inson huquqlari milliy markazi, vazirliklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdilar.

Davra suhbatida qatnashgan YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xan tavsiyalarni amalga oshirishda ikki muhim jihat, ya’ni parlament nazorati va dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish muhimligini ta’kidladi.

BMT Bola huquqlari qo‘mitasi BHKning barcha tamoyillari va qoidalarini qonunchilikka kiritish va ularning tegishli organlar tomonidan amalda tadbiq etishni tavsiya qildi. Davra suhbati ishtirokchilari kamchiliklarni bartaraf etish va mamlakatda BHK ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish uchun bola huquqlari sohasidagi qonunchilik tashabbuslari va ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildilar.

Tadbir davomida BMT Bola huquqlari qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha joriy rejalar muhokama qilindi. Bunda kamsitmaslik, bolaning eng yaxshi manfaatlari, yashash, omon qolish va rivojlanish huquqi, bolaning qarashlarini hurmat qilish singari umumiy tamoyillarga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, senatorlar hamda vazirlik va milliy idoralar vakillari tomonidan mazkur tavsiyalarni amalga oshirish, jumladan, Harakat dasturini monitoring qilish va hisobot tayyorlash bo‘yicha fikr va aniq rejalar bildirilib, bunda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini ham mamlakatda bola huquqlarining amalga oshirilishi monitoringiga jalb qilish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati

 

Nashr sanasi 17.11.2022 Ko'rishlar 7 366
Ulashish