INSON HUQUQLARI SOHASIDAGI SIFATLI TA’LIMDAN – INSON HUQUQLARI MADANIYATINI YUKSALTIRISH SARI

Shu yil 7 fevralda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning  “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq, ikkita muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va ushbu Dasturni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori mazkur Qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib belgilandi. Markaz direktori Akmal SAIDOV bilan Qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida suhbatlashdik.

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek, huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda juda muhimdir, – dedi A.Saidov. – Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidentining ushbu sohani rivojlantirishga doir navbatdagi yangi Qarori bashariyat tarixida birinchi marta insonning asosiy huquqlarini himoya qilish zarurligini e’lon qilgan nufuzli xalqaro-huquqiy hujjat – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha 2022 yil 10 dekabrda boshlangan butun dunyo miqyosidagi kampaniya davrida qabul qilingani ulkan ahamiyatga molikdir.

Qaror quyidagi uchta asosiy maqsadga erishishga qaratilgan:

birinchi asosiy maqsad: O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish;

ikkinchi asosiy maqsad: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash;

uchinchi asosiy maqsad: Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat.

Ma’lumki, 2011 yil 19 dekabrda qabul qilingan BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi BMTga a’zo davlatlarga inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani ta’minlash hamda rag‘batlantirish borasida muayyan mas’uliyat yuklaydi. Hozirga qadar 60 ga yaqin davlat, shu jumladan, Finlandiya, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Ozarbayjon mazkur Deklaratsiyada nazarda tutilgan tavsiyalar bo‘yicha o‘z Milliy dasturlarini qabul qilgan.

Endilikda ularning safidan O‘zbekiston ham munosib o‘rin egalladi.

– O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi ta’limga e’tiborning tarixi va bugungi holati haqida ma’lumot bersangiz.

Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish holati va istiqbollari haqida so‘z borganda, avvalo, keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ayni sohada muhim va izchil qadamlar qo‘yilganini ta’kidlash lozim. Birgina 2019 yilning o‘zida ayni yo‘nalishda katta ahamiyat kasb etgan ikkita hujjat imzolandi.

Birinchi hujjat – O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 9 yanvarda qabul qilingan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonidir. Mazkur Farmon bilan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiyada aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali mamlakatimizda qonun ustuvorligini mustahkamlash yo‘nalishlari belgilab berildi.

Ikkinchi hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlari tomonidan 2019 yil 15 iyulda qabul qilingan BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturidir. Milliy harakatlar dasturining ijrosi yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ham tasdiqlandi.

Parlamentimiz doirasida qabul qilingan Milliy harakatlar dasturi va uning ijrosi yuzasidan “Yo‘l xaritasi”, birinchi navbatda, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirishga qaratildi. Shu bilan birga, inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish maqsadi nazarda tutildi.

Bugungi kunda Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi yig‘ilishlarida BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi va uning “Yo‘l xaritasi” ijrosi bo‘yicha axborot muntazam eshitib borilmoqda.

“Yo‘l xaritasi” 6 yo‘nalishdan iborat bo‘lib, 24 ta bandda belgilab berilgan vazifalarni o‘zida qamragan. O‘tgan davrda ushbu hujjat ijrosi doirasida, jumladan, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, ta’lim muassasalari aholi orasida umuminsoniy qadriyatlar, inson huquqlarini hurmat qilish va unga rioya qilish tamoyillarini ommalashtirishga, shuningdek, fuqarolarning huquqiy axborotdan foydalanishini ta’minlash jarayoniga keng jalb etildi.

  • Prezident Qarorida ko‘zda tutilgan ikkinchi asosiy maqsad, ya’ni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash mavzusiga ham to‘xtalsangiz.

          – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uning «Yo‘l xaritasi» Prezidentimizning 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan. Inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi, shubhasiz, ayni sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan, xalqaro iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslarda O‘zbekistonimiz mavqei yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

          Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 13 martda qabul qilingan “Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligi darajasini oshirish va baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilingan. Nizomga muvofiq, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy savodxonligiga oid o‘quv dasturi bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti materiallari elektron platforma orqali mustaqil o‘zlashtirib boriladi va har uch yilda bir marta ularning huquqiy savodxonligi darajasi baholanadi.

          Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 maydagi qarori bilan 2022-2023 yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangani ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

          Eng muhimi, Prezidentimizning 2020 yil 29 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Toshkent davlat yuridik universitetining mustaqil faoliyat olib borishini ta’minlash, shuningdek, Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq instituti, Namangan, Samarqand va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalda tatbiq etilmoqda.

          Bunda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi D.Garsiya-Sayan tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, huquqshunos kadrlarni tayyorlash ko‘lamini tobora kengaytirib borishga katta e’tibor berilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz Qarori Milliy strategiya doirasidagi barcha chora-tadbirlar ijrosini jadallashtirish va samarali yakuniga yetkazish uchun muhim dasturilamaldir, deb hisoblayman. 

  • Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishida qanday o‘quv kurslari tashkil qilingan?

          – Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 avgustda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzurida inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga muxtasar to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Chunki aynan shu qarorga asosan Milliy markaz huzurida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari xodimlari uchun “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari” tashkil qilingan.

Xususan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish bo‘yicha “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o‘quv moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul asosida 2020 yil noyabr – 2021 yil yanvar oylarida 40 ta vebinar tashkil etilib, jami 400 nafardan ortiq rahbar xodimlar o‘qitildi. Vebinarlarga 9 nafar xalqaro toifadagi mutaxassis jalb qilindi.

O‘zbekiston Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yil noyabr-dekabr oylarida Milliy markaz, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 1 ming 200 nafar tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etdi.

 Ushbu o‘quv kurslari 2022 yil may oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tergov tarmoqlari ustidan nazorat bo‘limi, o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi prokurorlari uchun tashkil etildi. Unda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi ofisi hamda Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ekspertlarining ma’ruzalari ham tinglandi.

  • Milliy markazda inson huquqlari sohasidagi ta’lim yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy faoliyatning holati qanday?

– 2021 yil 9 dekabrda Milliy markaz, Bosh prokuratura Akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetini birlashtirgan Inson huquqlari sohasida xalqaro magistrlik dasturi bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari Konsorsiumi tashkil etildi. Bosh prokuratura Akademiyasida “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquq” magistratura yo‘nalishi ochildi.

Oliy attestatsiya komissiyasining qarori bilan “Oliy toifali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar ro‘yxati”ga 12.00.13 – “Inson huquqlari” (yurisprudensiya fanlari bo‘yicha huquq va sotsiologiya) mutaxassisligi kiritildi. Milliy markazda fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) darajalarini beruvchi Ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.

  • Milliy markaz tomonidan inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish borasida yana qanday amaliy ishlar qilingan?

– Milliy markaz sa’y-harakatlari bilan 2021 yil 10-11 dekabr kunlari gibrid formatda “Inson huquqlari sohasida ta’lim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilgan. Ushbu xalqaro anjuman 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni hamda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligiga bag‘ishlangan.

 Shuningdek, “Inson huquqlari: parlament a’zolari uchun”, “Parlament va barqaror rivojlanish maqsadlari” qo‘llanmalari o‘zbek tilida nashr etilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga taqdim etildi. Mamlaktimizda ilk bor Brayl alifbosida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Nogironlarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning rasmiy matni nashr etildi.

O‘tgan yil davomida Markaz tomonidan inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan 40 dan ortiq amaliy qo‘llanma, sharh va uslubiy adabiyotlar nashr etildi. Bu kitoblar 80 dan ziyod davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlariga tarqatildi.

Bugungi kunda Milliy markazda inson huquqlari sohasida elektron kurslarni joriy qilish maqsadida elektron platformani ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Elektron platformada inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha materiallar joylashtiriladi.

2020 yildan buyon «Inson huquqlari sohasida ta’lim va tadqiqotlar» mavzusidagi tanlovlar o‘tkazilmoqda. Prezident Qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 iyundan boshlab  har yili “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovini ham o‘tkazamiz.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotida xalqaro huquqni himoya qiluvchi mexanizmlarning tavsiyalarini amalga oshirish hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari xodimlarini o‘qitish bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorligini ijobiy baholagan.

Hisobotda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan O‘zbekistonning hamkorlikda amalga oshirgan tadbirlari to‘g‘risida bir qator ma’lumotlar qayd etilgan. Jumladan:

  • huquqni muhofaza qilish organlarining 200 nafarga yaqin xodimi O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash va qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishga doir onlayn kurslarda;
  • inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyati institutlarining 22 nafar vakili harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda monitoring uyushtirish va hisobotlarni tayorlashning xalqaro amaliyot va standartlari yuzasidan o‘quv-treningda;
  • nodavlat notijorat tashkilotlarining 50 nafar vakili inson huquqlari, ayollar huquqlarini himoya qilish va targ‘ib qilish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro mexanizmlar bo‘yicha bilimlarni oshirishga bag‘ishlangan vebinar va treninglarda;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar, ularning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar, tegishli davlat organlari va BMT agentliklari vakillaridan 50 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari bo‘yicha qo‘shma dastur doirasida treninglarda ishtirok etgan.

– Prezident Qarorining birinchi bandida Samarqand shahrida “Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” Global forumi o‘tkazilganligi ta’kidlangan. Shu haqda muxtasar to‘xtalsangiz.

– Mazkur Global forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashning 46-sessiyasida ilgari surilgan. Shu asosda o‘tgan yilning 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi tashkil etildi.

Global forumda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturini amalga oshirishning oraliq natijalari sarhisob qilindi. Bu sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimoti tashkil etildi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Global forumda 120 dan ortiq xalqaro ekspert va 2 mingdan ortiq milliy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim bo‘yicha adabiyotlar ko‘rgazmasida inson huquqlari ta’limiga bag‘ishlangan 250 ga yaqin nomdagi mingdan ziyod kitob va ilmiy jurnallar namoyish etildi.

Jahonning turli universitetlari yetakchi professor- o‘qituvchilari tomonidan mamlakatning barcha hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari pedagoglari, talabalari, davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, jami 7 mingdan ortiq tinglovchi uchun “Iinson huquqlari bo‘yicha mahorat darslari” tashkil qilindi.

Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi Yangi O‘zbekiston siyosati to‘g‘risida aholini va xalqaro jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirildi. Milliy va jahon axborot maydonlarida 300 dan ortiq axborot va axborot-tahliliy materiallar joylashtirildi. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda Global forum materiallarini ko‘rishlar soni 250 mingdan oshdi.

Global forumda O‘zbekistonning inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi siyosati va tashabbuslari, Yangi O‘zbekistonda keyingi yillarda inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholandi.

Global forumning Yakuniy hujjati – Markaziy Osiyoda Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi qabul qilindi.

– Suhbatimiz boshida Prezident Qarorida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini davom ettirish asosiy maqsadlardan biri etib belgilanganini qayd etgandingiz. Bu borada nima ishlar qilindi?

– Bunda Jahon ta’lim dasturi inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni muayyan sektorlar va muammolarga yo‘naltirilgan ketma- ket bosqichlardan iborat ekaniga e’tibor qaratish darkor. Xususan:

birinchi bosqich (2005-2009 yillar) – boshlang‘ich va o‘rta maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan;

ikkinchi bosqich (2010-2014 yillar) – oliy ta’lim tizimida hamda o‘qituvchilar va murabbiylar, davlat xizmatchilari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiylarni kasbiy tayyorlash dasturida inson huquqlari sohasidagi ta’limga bag‘ishlangan;

uchinchi bosqich (2015-2019 yillar) – erkin, mustaqil va plyuralistik ommaviy axborot vositalarining adolatni targ‘ib qilish, kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, inson huquqlarini hurmat qilishdagi muhim rolini e’tirof etgan holda, inson huquqlari sohasida OAV mutaxassislarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratildi.

          O‘z navbatida, 2020 yildan 2024 yilga qadar Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining yoshlarni tenglik, inson huquqlariga rioya qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash va o‘qitishga yo‘naltirilgan, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beradigan to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonda bu boradagi chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishda Prezidentimizning 2021 yil 7 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiyani tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi muhim dasturilamal bo‘ldi.

Shu hujjat asosida xalqaro shartnomalar va standartlar normalarini, BMTning huquqni himoya qiluvchi tuzilmalari tavsiyalari, shuningdek, o‘zbek jamiyatining tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini ishlab chiqish nazarda tutilgandi. Mana, kuni kecha Prezident Qarori bilan mazkur Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Milliy ta’lim dasturi BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalari va mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan. Uning loyihasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi vakillari hamda milliy ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari tasdiqlagan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi asosida:

  • 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi;
  • tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov organlari va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslar doimiy ravishda tashkil etiladi;
  • rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tengligi bo‘yicha o‘quv kurslari joriy qilinadi;
  • Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platforma yaratiladi va ushbu platforma orqali o‘quv kurslar va seminar-treninglarni “onlayn” o‘tkazish mumkin bo‘ladi;
  • “Inson huquqlari” turkumida qo‘llanma va risolalar chop etilib, shu asosda seminar-treninglar o‘tkaziladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida “Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar burchagi” tashkil etiladi. Uning fondi doimiy ravishda xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari, soha bo‘yicha o‘quv, ilmiy-uslubiy va xalqaro nashrlar bilan ta’minlab boriladi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorining qabul qilinishi BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi doirasida belgilangan vazifalar mamlakatimiz tomonidan to‘liq amalga oshirilishiga, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish va kundalik hayotda ularga rioya qilish bo‘yicha zarur ko‘nikma va malakalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

G‘ulom Mirzo suhbatlashdi

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 9 fevral kungi 27-soni

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

 

Powered by GSpeech