Mahalla — milliy yuksalishning strategik poydevori

2026 yil – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili

Davlatchilik tariximizda inson qadrini ulug‘lash, xalq bilan muloqot qilish va islohotlar samarasini har bir xonadonda his etish oliy maqsad etib belgilangan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi sifatida 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab beradi. 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Mahalla — jamiyatning yuzi. Agar mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi. Mahallada o‘zgarish bo‘lsa, demak, butun jamiyat o‘zgaryapti”. Bu qaror zamirida davlat boshqaruvini bevosita xalqqa yaqinlashtirish, odamlarning dardu tashvishi bilan yashashdek oliy mas’uliyat mujassamdir.

Murojaatnomada alohida urg‘u berilgan xalq salomatligi masalasi 2026 yilda bevosita mahalla darajasidagi tibbiyot bilan uyg‘unlashadi. Yurtboshimiz ilgari surgan “tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish” g‘oyasi asosida har bir mahallada profilaktika va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yangi bosqichga ko‘tariladi. Mahallalarda tibbiy punktlar faoliyatini takomillashtirish, tor doiradagi mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘riklarni mahallaning o‘zida tashkil etish orqali kasalliklarni erta aniqlash va sog‘lom millat genofondini asrash choralari ko‘riladi. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz uchun eng katta boylik — bu xalqimizning sog‘lig‘idir” va bu boylikni asrash mahalladan boshlanadi.

Shu bilan birga, Murojaatnomada ekologik barqarorlik va “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi mahalla faollarining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilandi. 2026 yilda har bir mahalla o‘zining “yashil hududi” va bog‘lariga ega bo‘lishi, atrof-muhitni muhofaza qilish madaniyati xonadonlardan boshlanishi jamiyatni yuksaltirishning muhim shartidir. Mahallabay tizimida ekologik nazorat kuchaytirilib, hududlarni chiqindilardan tozalash va ko‘kalamzorlashtirish ishlari umumxalq harakatiga aylanadi. Bu nafaqat tabiatni asrash, balki aholining yashash sharoiti sifatini tubdan yaxshilashga xizmat qiladi.

Jamiyatni yuksaltirish haqida gap ketganda, Murojaatnomada alohida qayd etilgan ayollar baxti va raqamli texnologiyalarni joriy etish masalasi 2026 yil dasturining o‘zagini tashkil etadi. Yurtboshimiz aytganlaridek, “Ayolni rozi qilsak, oila rozi bo‘ladi, oila rozi bo‘lsa — jamiyat rozi bo‘ladi”. Mahallalarda “Ayollar daftari” orqali manzilli ko‘mak berish bilan birga, “Raqamli mahalla” loyihasi doirasida barcha ijtimoiy xizmatlar onlayn shaklga o‘tkaziladi. Bu esa har bir fuqaroga davlat xizmatlaridan o‘z mahallasida, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz foydalanish imkonini beradi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, 2026 yil — Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili Murojaatnomada belgilangan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘ladi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Mahalla tizimini rivojlantirish — bu kelajagimizni rivojlantirish demakdir”. Mahallaning obodligi, undagi tibbiy va ekologik muhitning barqarorligi Yangi O‘zbekistonning poydevorini yanada baquvvat qiladi. Bu ezgu maqsad yo‘lida birlashish va mahallani chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish farovon kelajak va yuksak taraqqiyotning eng ishonchli kafolatidir.

Alouddin G‘afforov,

O‘zA

Powered by GSpeech