Shu yil 29-31 oktyabr kunlari Belarus` Resublikasi poytaxti – Minsk shahrida xalqaro gumanitar huquq normalarini milliy qonunchilik tizimiga implementatsiya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan Yettinchi mintaqaviy seminar bo'lib o'tdi. U mamlakat Adliya vazirligi va Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasining Moskvadagi ofisi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Seminar qurolli mojarolar jabrdiydalarini himoya qilishga oid 1949 yilgi Jeneva konventsiyalari qabul qilinganining 70 yilligiga bag'ishlandi. Ushbu anjumanda Shveytsariya, Germaniya, Belgiya, Italiya davlatlari ekspertlari, shuningdek, O'zbekiston vakillari ishtirok etdi.
– Mintaqaviy seminarda oltita modulda ish olib borildi, – deydi anjuman ishida qatnashgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining Xalqaro shartnomalar implementatsiyasi bo'limi boshlig'i Abdulhay Mo'minov. – Jumladan, gumanitar faoliyat sohasidagi dolzarb muammolar,
Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi ustuvor yo'nalishlari bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarga doir ma'ruzalar tinglandi hamda muhokama qilindi.
Minsk forumi ishtirokchilariga Suriya va Iroqdagi qurolli mojarolar jabrdiylari – 200 nafardan ortiq bola va ayollarni vataniga, tinch hayotga qaytarish bo'yicha “Mehr” gumanitar operatsiyasi yuzasidan O'zbekiston Respublikasining joriy yildagi amaliyoti haqida ma'lumot berildi.
Joriy yilning 15-16 oktyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida “Hozirgi zamon harbiy mojarolari: mazmuni va xulosalari” mavzusida o'tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyada ham xalqaro gumanitar huquqning dolzarb masalalari ko'rib chiqilgani mintaqaviy seminar qatnashchilarida qiziqish uyg'otdi.
Anjumanning alohida moduli Xalqaro Qizil Hoch va Qizil Yarim Oy Xalqaro konferentsiyasining 33-sessiyasi mavzusiga bag'ishlandi. Bo'lajak konferentsiya kun tartibi muhokama qilindi, sessiyaga kiritilgan rezolyutsiyalar loyihalari bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Shuningdek, xalqaro gumanitar huquqni targ'ib etish sohasida yangi raqamli axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish istiqbollari haqida so'z yuritildi. Bu borada Xalqaro Qizil Hoch Qo'mitasi loyihalarining taqdimoti o'tkazildi.
Ma'lumot uchun: Bugungi kunda xalqaro gumanitar huquqning asosini 1949 yilgi 4 ta Jeneva konventsiyasi va ushbu Konventsiyalarga 1977 yildagi 2 ta Qo'shimcha protokol tashkil etadi. O'zbekiston Respublikasi mazkur xalqaro-huquqiy hujjatlarga 1995 yilda qo'shilgan.
Mamlakatimizda xalqaro gumanitar huquq normalari milliy qonunchilikka izchil implementatsiya qilinmoqda. Ushbu huquq normalari fuqaroviy va harbiy ta'lim tizimlariga joriy etilgan. 1949 yilgi Jeneva konventsiyalari va ularga qo'shimcha protokollar o'zbek tiliga tarjima qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.11.2019
- Ko'rishlar: 7092
- Chop etish