Toshkentda tashkil etilgan “XXI asrda gender va yoshlar masalalari bo'yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzuidagi nufuzli xalqaro forumda xavfsiz mehnat migratsiyasini tartibga solish va ta'minlash masalalari
haqida ham atroflicha fikr yuritildi.
O'zbekiston odam savdosiga qarshi kurashish, mazkur turdagi transchegaraviy jinoyatlar qurboni bo'lgan shaxslarni, jumladan, xotin-qizlar va yoshlarni himoya qilish sohasida so'nggi uch yilda katta natijalarga erishgani ta'kidlandi. Mmamlakatimiz tarixida ilk bor “Xususiy bandlik agentliklari to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo'llab-quvvatlash hamda huquqlari va manfaatlarini himoya qilish jamg'armasi tashkil etildi. Mintaqada yagona bo'lgan va davlat tomonidan to'liq moliyalashtiriladigan Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo'yicha respublika reabilitatsiya markazi faoliyat ko'rsatmoqda.
Shuningdek, “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi, “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasi Xalqaro migratsiya tashkiloti a'zosiga aylandi.
Bu yo'nalishlarda keng ko'lamli ishlar olib borilayotganiga qaramay, siyosiy hayotda xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy faolligi darajasi hali ham zamon talabiga javob bermaydi. Shu nuqtai nazardan, gender va yoshlar masalalariga yetarlicha e'tibor qaratilmasligi ko'plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolar paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin.
Norasmiy mehnat migratsiyasi, majburiy mehnat, odam savdosi va boshqa salbiy holatlar shular jumlasidandir. Ushbu illatlarga barham berish masalalarida davlatlararo hamkorlik zarurligi ta'kidlandi.
Xalqaro forumda bildirilgan fikrlar, shuningdek, jamiyat va davlat uchun gender, yoshlar va migratsiya masalalari bo'yicha hamkorlikni rivojlantirish muhimligi e'tiborga olinib, tegishli tavsiyalar qabul qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
(O'zA fotosuratlaridan foydalanildi)
- Qo'shildi: 29.11.2019
- Ko'rishlar: 5388
- Chop etish