MUKOFOTLAR QUTLUG' BO'LSIN!

Mamlakatimizda tinchlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash, inson huquqlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda jonbozlik ko'rsatayotgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlari hamda Markaz rahbarining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi. Joriy yil 30 avgust kuni mukofotlar o'z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Markaz direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillabaev istiqlol sharofati bilan xalqimiz qo'lga kiritgan yutuqlar, inson huquqlari sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar, Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar to'g'risida atroflicha to'xtaldi.

Shundan so'ng huquq sohasida uzoq yillardan beri samarali faoliyat ko'rsatib kelayotgan Markaz xodimlari Abdukamol Po'latovga II darajali, Farida Xakberdievaga III darajali “Mehnat faxriysi”, Marianna Pal`novaga “Xalqlar do'stligi” ko'krak nishonlari topshirildi.

O'z ishiga mas'uliyat bilan yondashishi, mehnatsevarligi va yuqori kasbiy malakasi bilan uzoq yillardan beri tashkilot faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qo'shib kelayotgan Dilbar Shodmonova, Otabek Norboev, Komila Olimova, Muxlisa Hasanova hamda Dildora Ahmedova “O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.

- Davlatimiz rahbari imzo qo'ygan guvohnomani olib, eng ulug' ne'mat – Istiqlolimizning 30 yilligi munosabati bilan ta'sis etilgan esdalik nishonini ko'ksimga taqqanimda qalbimdan o'tkazgan hislarni so'z bilan ifoda etib bo'lmaydi, – deydi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimi D.Ahmedova. – Bu kabi e'tirof kelgusida o'z ishimizni yanada mas'uliyat bilan bajarishga, inson huquqlarini himoya qilishdek ezgu maqsad yo'lida yanada shijoat bilan xizmat qilishga undaydi.

Shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning ilmiy, ijtimoiy va ma'naviy salohiyatini yuksaltirish, demokratik islohotlarni amalga oshirish, inson huquqlarini himoya qilishga munosib hissa qo'shib kelayotgan xodimlar – G'ulom Mirzaev, Rustam Atovulloev, Go'zal Nazarova, Hamid Ravshanov, Javlon Ismoilov hamda Rustam Husanovga Markaz direktori nomidan tashakkurnoma taqdim etildi.

Istiqlol ayyomi arafasida taqdirlangan barcha hamkasblarimizni samimiy tabriklaymiz!

Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mas'ul kotibi

Powered by GSpeech