Murojaatnoma – Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayoni inson manfaatiga qaratilgan yo‘ldan davom etayotganini yaqqol ko‘rsatdi

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi davlat siyosatining strategik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi, mamlakatning kelgusi rivojlanish rejasini tizimli asosda yoritib beradigan muhim dasturiy hujjat bo‘ldi.

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:

– Murojaatnomada “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining mazmuni va amaliy ifodasi – tub islohotlarning yangi bosqichi, jamiyatni modernizatsiya qilish, inson kapitalini rivojlantirish va xalq farovonligini oshirish kabi strategik maqsadlar keng ochib berildi. 

Bu esa, Murojaatnomani oddiy siyosiy nutq emas, balki uzoq muddatga mo‘ljallangan, real hayotiy vazifalarga asoslangan dasturiy hujjat sifatida baholashga asos bo‘ladi. 

Ayniqsa, davlat qarorlarida inson manfaatini ustuvor qo‘yish, ijtimoiy adolatni ta’minlash va xalq ishonchini mustahkamlashga qaratilgan yo‘nalishlar Murojaatnomaning g‘oyaviy asosini tashkil etdi.

Davlat rahbari unda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning asosiy natijalarini har tomonlama tahlil qilib, ularning xalq turmushida namoyon bo‘layotgan amaliy samaralarini alohida ta’kidladi. Jumladan, iqtisodiyotning yangi bosqichga chiqqanligi, bozor munosabatlarining mustahkamlanayotgani, ijtimoiy himoya tizimining kengaygani, qonun ustuvorligi va odil sudlovga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilayotgani qayd etildi. 

Eng muhimi, bu yangilanishlar har bir mahalla va har bir xonadon hayotiga kirib borib, odamlarning kundalik ehtiyojlari va manfaatlariga xizmat qilayotgani Murojaatnomaning asosiy ruhini belgilab berdi.

Murojaatnomada global miqyosdagi murakkab vaziyat – iqtisodiy qarama-qarshiliklar, xavfsizlikka tahdidlar, ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlaridagi uzilishlar, xomashyo hamda moliyaviy resurslar narxining oshishi kabi omillar ham tahlil qilindi. Shunday sharoitda ham mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atini saqlab qolayotgani, ichki imkoniyat va salohiyatga tayangan holda taraqqiyotga erishilayotgani alohida ta’kidlandi. 

Bu esa amalga oshirilayotgan islohotlar puxta rejalashtirilganini hamda ichki bozor va real sektorni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan siyosat uzoq muddatli barqarorlikka xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, iqtisodiy ko‘rsatkichlar orqali milliy taraqqiyotning yangi marralari asoslab berildi. 

Yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishi, eksport ko‘lamining kengayishi, oltin-valyuta zaxiralarining mustahkamlanishi hamda iqtisodiyotga jalb etilgan investitsiyalar hajmining ortib borishi mamlakat iqtisodiy qudrati oshib borayotganining yaqqol dalili sifatida keltirildi.

Bunday natijalar faqat iqtisodiy o‘sishni emas, balki davlatning moliyaviy barqarorligi, tashqi ta’sirlarga chidamliligi va global bozorda raqobatbardoshlik salohiyati mustahkamlanayotganini ham anglatadi.

Ijtimoiy sohada ham Murojaatnoma mazmuni inson manfaatini ustuvor qo‘yish tamoyili bilan uyg‘unlashdi. Bandlikni ta’minlash, aholi daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoya mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar keng yoritildi. 

Ayniqsa, mahalla darajasida ehtiyojmand aholi bilan ishlashning yangi tizimi shakllangani, ijtimoiy xizmatlarning manzilliligi va samaradorligi oshgani alohida ta’kidlandi. Bu esa ijtimoiy siyosatning aholini doimiy daromadli qilishga qaratilgan barqaror yondashuvga o‘tganini ko‘rsatadi.

Eng muhim jihat sifatida Prezidentimiz tomonidan 2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mamlakat taraqqiyotida yangi va o‘ta muhim bosqichning boshlanishini anglatadi. 

Bu qaror so‘nggi yillarda olib borilgan islohotlar tajribasi, ularning joylarda bergan amaliy natijalari hamda jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan strategik tashabbusdir.

Chunki mahalla azal-azaldan xalqimiz hayotida nafaqat hududiy birlik, balki ijtimoiy tarbiya, o‘zaro yordam, hamjihatlik va fuqarolik mas’uliyati shakllanadigan muhim makon sifatida alohida o‘rin tutib kelgan.

2026 yil nomi orqali davlat siyosatida mahalla institutining o‘rni va ta’sirini yanada oshirish, uni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy tayanch nuqtasiga aylantirish maqsadi ochiq ifoda etilmoqda. Bu, avvalo, davlat xizmatlari, ijtimoiy himoya, bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish va infratuzilmani yaxshilash kabi masalalarni xalqqa eng yaqin bo‘lgan bo‘g‘in – mahalla darajasida hal etishni nazarda tutadi. Shu tariqa, islohotlar qog‘ozda yoki hisobotlarda emas, balki xonadon, ko‘cha va mahalla hayotida real natija sifatida namoyon bo‘lishi ta’minlanadi.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab beruvchi muhim siyosiy va dasturiy hujjat bo‘ldi. 

Unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonining izchil, amaliy va inson manfaatiga qaratilgan yo‘ldan davom etayotganini yaqqol ko‘rsatadi hamda mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.

N.Abduraimova,
O‘zA

Powered by GSpeech