(“Adolat himoyasida” medialoyihasi: 7-maqola)
“Maktab direktori lavozimida ishlab kelib, davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazganligi uchun jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilsin, 2 yil 6 oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, eng kam ish haqining 110 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlansin”.
Toshkent shahar Olmazor tuman sudi tomonidan chiqarilgan bu hukmni eshitgan 146-son umumiy o'rta maktab direktori Zuriyat Ahmedova dodini kimga aytishni bilmasdi. Kimlarningdir tuhmatlari haqiqat deb baholanishi, tergovchilar tomonidan qilmagan ishini qilgan deb rasmiylashtirilishi, tuman sudining o'ziga qo'yilgan ayblarning haqqoniyligini sinchiklab o'rganmasdan hukm chiqarganligini qanday isbotlay olsin?
Zuriyat Ahmedovaning shundan keyin haqiqat izlab turli idoralarga arizalariga javob deyarli bir xil edi: “jabrlanuvchi sudda ko'rib chiqilgan ishlar bo'yicha nazorat tartibida yuqori instantsiya sudiga shikoyat qilishi mumkin”. Ammo Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instantsiyasi ham tuman sudining hukmini o'zgarishsiz qoldirdi.
Nihoyat aybi yo'q “aybdor” Inson huquqlari bo'yicha milliy markazga murojaat qilishga jur'at etdi. Markazning Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limining boshlig'i Otabek Norboev arizachi murojaatida bayon etilgan dalillar bilan tanishar ekan, amaldagi qonunchilik talablari asosida isbotlanishi zarur bo'lgan barcha holatlar har tomonlama, to'la va xolisona tekshirib chiqilmaganligi, ish bo'yicha sudlanuvchi va guvohlarning ko'rsatuvlariga hamda dastlabki tergov davomida to'plangan hujjatlarga yetarli darajada baho berilmaganligiga amin bo'ldi.
Masalan, direktor ustidan yozilgan arizada go'yoki maktabda ishlamagan xodimlar ishlaydi sifatida rasmiylashtirilib, ularning maoshlari o'zlashtirilgan deb da'vo qilingan. Ammo aslida bu masala bo'yicha tushuntirish xatlari boshqa ruchkada yozilib, arizachiga imzo qo'yish joyi belgi bilan ko'rsatilgan va keyinchalik imzolangan.
Tekshiruvchi arizadagi vajlarni mustahkamlash uchun 21 odamni so'roq qilib, o'zi tomonidan tuzilgan dalolatnomaga ularni ariza mualliflari deb kiritgan. Eng asosiysi – dalolatnomada ishlamagan deb ko'rsatilgan xodimlar maktabda ishlab kelgan va maoshlarini o'zlari imzo chekib olishgan.
Umuman Zuriyat Ahmedovaga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atishga Nazorat-taftish boshqarmasi xodimlarining maktabda byudjet mablag'lari o'zlashtirilganligi to'g'risidagi tekshirish dalolatnomasi asos qilib olingan. Biroq ushbu dalolatnoma qonun talablariga zid ravishda tuzilgan. Eng avvalo, Nazorat-taftish boshqarmasi zimmasiga byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablag' oluvchilarning mehnat munosabatlariga doir ishlarini nazorat qilish vazifasi yuklatilmagan.
Shu sababli ular byudjet tashkilotlari xodimlaridan mehnat munosabatlari bilan bog'liq tushuntirishlar talab qilishlari mumkin emasdi. Taftishchilar buning ustiga o'z dalolatlanomalarida ko'rsatilgan kamchiliklarni ishonchga sazovor bo'lgan moliyaviy va boshqa tegishli hujjatlar bilan tasdiqlamasdan, maktab o'qituvchi va xodimlarini tanish-tanimasliklari haqidagi tushuntirishlariga asoslangan holda noqonuniy ish haqlari to'langan degan xulosa chiqarishgan.
Ayblovda to'lov vedomostlariga soxta imzolar qo'yilganligining xatshunoslik ekspertizasi ko'rsatilgan bo'lsa ham ushbu imzo egalari maoshlarini o'zlari imzo qo'yib olganliklarini ko'rsatganlar va nima uchun ekspertiza bunday xulosa chiqarganligidan taajjublangan. Shuningdek, xatshunoslik ekspertizasida vedomostlarga boshqalarning o'rniga aynan maktab direktori imzo qo'yganligiga ham aniqlik kiritilmagan.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz xodimlari arizachining murojattini o'rganib chiqib, Jinoyat ishlari bo'yicha Olmazor tuman sudi va Toshkent shahar sudi kassatsiya instantsiyasi ajrimining Zuriyat Ahmedovaga oid qismi amaldagi qonunchilik talablari buzilgan holda chiqarilgan degan xulosaga
keldi. Ular bu holatda sud hukmini qonuniy, asosli va adolatli bo'lmaydi deb hisoblashdi.
Shuning uchun Milliy markaz inson huquqlariga amal etilishini nazorat qilish va inson huquqlarini himoya qilish vakolatidan kelib chiqqan holda adolatni tiklash yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga Zuriyat Ahmedova ishi bo'yicha murojaat qildi.
2019 yil 19 martda Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instantsiyasining ajrimi bilan jinoyat alomatlari bo'lmaganligi va jinoyat yuz bermaganligi sababli Olmazor tuman sudining Zuriyat Ahmedovaga oid qismi bekor qilindi. Ayni paytda unga mulkiy, ma'naviy va boshqa ziyonini qoplash masalasida da'vo ishini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.
Ha, mamlakatimizning har bir fuqarosi o'zining buzilgan huquqini tiklay olishi va adolat albatta qaror topishi shart.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 02.01.2020
- Ko'rishlar: 4956
- Chop etish