Avval xabar berilganidek, Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi o'z yillik seminarlarining oltinchisini 2019 yil 7-8-oktyabr` kunlari Toshkent shahrida o'tkazadi. Ushbu xalqaro anjuman “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusida tashkil etilmoqda.
Poytaxtimizda 6 oktyabr kuni mazkur xalqaro seminarga tashrif buyurgan IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Birlashgan Arab Amirliklari, Gabon, Ozarbayjon, Pokiston, Uganda va Quvayt davlatlaridan saylangan yangi a'zolarining qasamyod qabul qilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirni Komissiya raisi Akmal Saidov boshqardi.
Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiya tarkibi 18 nafar a'zodan iborat. Komissiya Nizomiga muvofiq, IHT Bosh kotibi idorasi Komissiya a'zoligiga nomzodlar ro'yxatini tuzadi va IHTga a'zo davlatlar bilan muvofiqlshtiradi. Bunda nomzodlardan har biri inson huquqlari sohasining muayyan sohasiga ixtisoslashgan va bu borada tajriba orttirgan bo'lishi hisobga olinadi.
So'ngra nomzodlar ro'yxati IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashiga taqdim etiladi. IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari mazkur Kengash tomonidan uch yil muddatga, bir marta qayta saylanish imkoniyati bilan saylanadilar.
Komissiya a'zoligiga bitta mamlakatdan ikki nafar ekspert bir vaqtning o'zida saylanishi mumkin emas. Nomzodlarni tanlash jarayonida IHTga a'zo davlatlar o'zlarining eng mustaqil, xolis, halol va tajribali vakilini tavsiya qilishi taqozo etiladi.
Saylovda IHTga a'zo mamlakatlar o'rtasida teng geografik taqsimot ta'minlanadi. Bu talab Komissiyaga arab mamlakatlaridan – 6 nafar, Osiyo qit'asidan – 6 nafar va Afrika qit'asidan 6 nafar a'zo saylanaishi zarurligini anglatadi.
Yangi saylangan Komissiya a'zolarining 3 yillik muddati Komissiya tarkibini tark etuvchi a'zolarning muddati nihoyasiga yetganidan keyin o'tkaziladigan navbatdagi birinchi sessiyadan e'tiboran boshlanadi. Agar muddati tugagan vakil o'rniga yangi a'zo saylanmagan bo'lsa, amaldagi vakil Komissiyaning yangi a'zosi saylanishiga qadar o'z faoliyatini davom ettiradi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining Tartib-taomillari qabul qilingan. Ushbu hujjatning 6-qoidasida Komissiya a'zolarining mutaqilligiga doir maqomi mustahkamlangan.
Birinchidan, Komissiya a'zolari mustaqil ekspertlar sifatida faoliyat olib boradilar. Ular o'zlarining shaxsiy yondashuv va qarashlarini ifoda etadi.
Ikkinchidan, Komissiya a'zolari o'z faoliyatini amalga oshirishda har doim yuksak professionallik, adolatparvarlik, mustaqillik, xolislik, qat'iylik sifatlarini namoyon etishlari shart.
Bu jaryonda Komissiya a'zolari o'z ma'naviy obro'-e'tiborini, chet ta'sirlardan xoli ravishda, muntazam oshirib borishlari lozim. Komissiya a'zosi o'z vakolatlariga kirishishidan oldin “Qasamyod marosimi” deb yuritiladigan tantanali tadbirda quyidagi mazmunda bayonot beradi:
“Men o'z vazifalarimni yuksak professionallik, adolatparvarlik, mustaqillik, xolislik, qat'iylik bilan, chet ta'sirlardan xoli ravishda bajarishga tantanali bayonot beraman va bu yo'lda Yaratgan Egam menga madadkor bo'lsin”.
Toshkent shahrida bo'lib o'tgan tantanali marosimda IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining yangi a'zolari Ahmad Azzam bin Abdurrahmon, Boushshogou Mboin Farafina, Kamadi Biyobnabiy, elchi Aslam Tasnim, professorlar Sayyid Muhammad Alg'ufli va Aydin Safixanli qasamyod qabul qildi.
Tadbirda yangi a'zolarga Komissiyaning tuzilishi, tarixi, maqsad va vazifalari haqida axborot berildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.10.2019
- Ko'rishlar: 5812
- Chop etish