Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

O‘zbekiston BRMga erishishda ijobiy natija ko‘rsatgan beshta davlat qatoriga kirdi

Shu kunlarda yurtimizda “Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi” o‘tkazilmoqda. Bundan asosiy maqsad aholida BRM g‘oyalariga bo‘lgan daxldorlik hissini mustahkamlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasini keng namoyon etish hamda umumiy maqsadlar yo‘lidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.

“Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi” doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Munosib mehnat va samarali bandlikni ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida muloqot o‘tkazildi.

Unda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini milliy darajada amalga oshirish, hududlarda kam ta’minlangan aholi sonini qisqartirish, shuningdek, aholini munosib mehnat va samarali bandlik bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samaradorligi muhokama qilindi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash, aholi daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada 11 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 4,2 foizgacha pasaytirildi.

So‘nggi 5 yilda 1 million nafar ishsiz aholi zamonaviy kasblarga o‘qitilib, yuqori daromadli ishga joylashtirildi. Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, 2025-yilda 1 million 700 ming nafar ayol daromadli mehnatga jalb etildi.

Amalga oshirilayotgan ishlar samarasida O‘zbekiston so‘nggi 10 yilda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida eng katta ijobiy natijalarga erishgan beshta davlat qatoriga kirdi.

Muloqotda ishsizlikni qisqartirish, mehnat migratsiyasi sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, ayrim ko‘rsatkichlarga erishish sur’atlari bo‘yicha hududlar kesimidagi tafovutlar hamda aholini o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash borasida qator takliflar ilgari surildi.

M.Komilova,

O‘zA

Nashr sanasi 13.08.2026 Ko'rishlar 106
Ulashish