Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

O‘zbekiston global suv inqirozi sharoitida o‘z tajribasini taqdim etdi

Shvetsiyaning Stokgolm shahrida o‘tayotgan Butunjahon suv haftaligi — World Water Week 2026 doirasida O‘zbekistonning suv tanqisligini kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va mintaqaviy suv diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha tajribasi xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi.

«Yangi suv kun tartibi: global suv bankrotligi davriga kirish» sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunbayev ma’ruza bilan ishtirok etdi.

U O‘zbekiston dunyoda suv tanqisligi yuqori bo‘lgan mintaqalardan birida joylashganiga qaramay, so‘nggi yillarda ko‘rilgan choralar salbiy tendensiyalarni o‘zgartirish mumkinligini ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Xususan, 2026-yilda O‘zbekiston, Xitoy, San-Tome va Prinsipi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-ko‘rsatkichi bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishgan davlatlar sifatida e’tirof etildi. O‘zbekistonda suv stressi ko‘rsatkichi 2017-yildagi 169 foizdan 2022-yilda 122 foizgacha pasaygan. 2030-yilga borib uni 95 foizga tushirish maqsad qilingan.

Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda ham katta o‘sish qayd etilgan. 2017-yilda bunday texnologiyalar sug‘oriladigan yerlarning 1 foizdan ham kam qismini qamrab olgan bo‘lsa, bugun ular 2,6 million gektar — sug‘oriladigan maydonlarning 60 foizdan ortig‘ida qo‘llanilmoqda.

Amalga oshirilayotgan choralar hisobiga hozirning o‘zida yiliga 11 milliard kub metr suv tejalmoqda. 2030-yilga kelib bu ko‘rsatkichni 15 milliard kub metrga yetkazish rejalashtirilgan.

Butunjahon suv haftaligining «BMTning 2026 yilgi Suv konferensiyasi: kelajak barpo etiladigan makon» sessiyasida ham Timur Butunbayev O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida suv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.

Suv masalasi mamlakatda kompleks boshqaruv, barqaror moliyalashtirish, zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va malakali kadrlar tayyorlashni birlashtirgan strategik ustuvor yo‘nalishga aylangani ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekistonning mintaqaviy suv hamkorligi va suv diplomatiyasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy sa’y-harakatlari xalqaro maydonda taqdim etildi.

 

Rasmiy axborot

Nashr sanasi 26.08.2026 Ko'rishlar 61
Ulashish