2021 yil 14 oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi BMTning mamlakat jamoasi hamda YXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasida BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy maslahatlashuv o‘tkazdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat vakillari, markaziy idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Milliy maslahatlashuvning asosiy maqsadi – Konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan Milliy harakatlar rejasi loyihasini muhokama kilish va mazkur loyihani yanada mukammallashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar olishdan iborat.
Milliy maslahatlashuvda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi raxbari Munir Mamedzade, YXHTning O‘zbekistondagi Loyihalar muvofiqlashtiruvchisi P’er fon Arks so‘zga chiqdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston tomoni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 yil 22 fevralda bo‘lib o‘tgan 46-sessiyasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish tashabbusini ilgari surgani bejiz emas. Zero, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to‘laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi bugungi kunning muhim vazifaliridan biri hisoblanadi.
Oliy Majlis Senatining 2021 yil 29 may kuni bo‘lib o‘tgan majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi muhokama etildi va tasdiqlandi. Qonun 2021 yil 7 iyunda qabul qilindi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya O‘zbekiston uchun 2021 yil 28 iyul kunidan boshlab kuchga kirishi to‘g‘risidagi BMT Bosh kotibining xabarnomasi olindi.
BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o‘zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. 2021 yil fevral holatiga ko‘ra, BMTning 192 a’zo-davlatidan 182 tasi ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi 2009 yil 27 fevralda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani imzolagan va kelgusida ratifikatsiya qilishga ishonch bildirgan. Joriy yil 7 iyunda ushbu ishonch amaliy tasdig‘ini topdi.
Konvensiya insonlarning turli-tumanligi va qadr-qimmati prinsiplarini o‘zida mujassamlashtirgan. Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda kam ta’minlanganlar, nogironligi bo‘lgan insonlar, yoshlar, ayollar va qariyalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘isidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan noyob tajriba qo‘llanildi. Ya’ni, xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish maqdsadida Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirildi. Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruh shakllantirildi.
Markaz tomonidan Milliy harakatlar rejasining dastlabki loyihasi ishchi guruh a’zolari takliflari asosida ishlab chiqildi. Loyiha 20 dan ziyod vazirlik va idora, 10 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotiga takliflar olish yuzasidan yuborildi.
Milliy harakatlar rejasi loyihasi xalqaro tashkilotlar – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, YXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisiga yuborildi. Olingan takliflar asosida loyiha yanada takomillashtirildi.
Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish orqali nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish sohasida zamonaviy usullar va xalqaro standartlarni joriy etish imkoni ortadi. Bu, shuningdek Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyilini amalga oshirishga yordam beradi.
Milliy maslahatlashuv ishtirokchilari e’tirof etganlaridek, Konvensiya qoidalarini amalga oshirish natijasida, birinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimini xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashtirish; ikkinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkonini kengaytirish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari Konvensiya qoidalarining bajarilishi mamlakatimizning aholini ijtimoiy himoya qilishdagi ijobiy xalqaro imiji yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
matbuot xizmat
- Qo'shildi: 15.10.2021
- Ko'rishlar: 3616
- Chop etish