INSON HUQUQLARI BO'YICHA O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY MARKAZI |
XALQARO MIGRATSIYA TASHKILOTI (BMTning migratsiya bo'yicha agentligi) |
«Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarini ommaviy axborot vositalarida samarali yoritish»
Farg'ona shahrida 31 oktyabrda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun shu mavzuda tashkil etilgan ixtisoslashgan o'quv tadbirining dastlabki kuni bir qator ma'ruzalar tinglash bilan boshlandi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari, yuridik fanlar doktori M.Tillaboev, BMTning migratsiya agentligi – Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning O'zbekiston bo'yicha menejeri S.Toshboev, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist G'.Mirzaev va boshqalar «Global va mintaqaviy migratsiyaning tamoyillari va da'vatlari», «Odam savdosiga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy asoslari», «O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyulda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni, shuningdek, O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida amal qilayotgan boshqa milliy-huquqiy asoslar va mexanizmlar», «Odam savdosiga qarshi kurashish va jabrdiydalarga yordam ko'rsatish sohalariga doir asosiy tushuncha va printsiplar», «O'zbekiston Respublikasida jurnalistlik faoliyatining normativ-huquqiy asoslari va kafolatlari» mavzularida ma'ruza qildi.
Ushbu ma'ruzalar yuzasidan qiziqarli bahs-munozaralar bo'lib o'tdi.
*
Kunning ikkinchi yarmida Migratsiya bo'yicha xalqaro tashkilotning tashkiliy rivojlanish, jamoatchilik bilan aloqalar, jurnalistika va mediamenejment bo'yicha ekspertlari - belaruslik trenerlar Vitaut Rudnik va Lana Rudnik trening ishtirokchilari bilan amaliy mashg'ulotlar o'tkazdi.
Ekspertlar «Odam savdosiga qarshi kurashish mavzusini ommaviy axborot vositlarida yoritishda kasb mahorati, odob-axloq va o'ziga xos yondashuv masalalari», «Odam savdosiga aloqador holatlar yuzasidan interv`yu olish va maqolalar tayyorlashning texnik jihatlari» singari mavzularning tinglovchilar tomonidan interfaol mashg'ulotlar doirasida o'zlashtirilishiga alohida e'tibor qaratishdi.
Trening mashg'ulotlari 1 noyabrda davom etadi.
Ma'lumot uchun: Vitaut Rudnik – 1969 yilda Belarusda tug'ilgan. Grodno davlat universitetida tahsil olgan. Belarus`, AQSH, Litva, Chexiya, Ukraina, Pol`sha, Moldova davlatlarining konsalting va malaka oshirish sohalari stipendiyalariga sazovor bo'lgan. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati bo'yicha ixtisoslashgan treninglarni tashkil etishda katta tajribaga ega. Ingliz, rus, ukrain va pol`yak tillarini biladi
Lana Rudnik – 1972 yilda tug'ilgan. Vil`nyusdagi Yevropa Gumanitar universitetida (Litva), Belostok Davlat boshqaruvi oliy maktabida (Pol`sha), Grodno O'qituvchilar malakasini oshirish instituti va Grodno Davlat universitetida (Belarus`) tahsil olgan. Siyosiy fanlar, demokratiya va fuqarolik jamiyati magistri. Ixtisosligiga ko'ra ta'lim muassasalari ruhshunosi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.10.2019
- Ko'rishlar: 5273
- Chop etish