Farg'ona shahrida «Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarini ommaviy axborot vositalarida samarali yoritish» mavzusida jurnalistlar uchun o'quv seminari o'tkazilmoqda. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMTning migratsiya bo'yicha agentligi – Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan o'zaro hamkorlikda tashkil etildi.
Bugungi kunda insoniyat tarixida kutilmagan darajada nihoyatda ko'p sonli kishilarning bir joydan ikkinchi joyga ko'chishi kuzatilayotgani tufayli migratsiya bilan bog'liq masalalar dunyoning aksariyat davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun ham g'oyat dolzarb hisoblanadi. Globallashuv jarayonlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyotidagi sakrashlar, transport imkoniyatlarining tubdan kengaygani va boshqa shu kabi omillar, shubhasiz, migratsiya oqimi ortishiga kuchli ta'sir ko'rsatmoqda.
Globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilik ham tobora ko'paymoqda. Bu illatning muttasil o'sishida iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalarning kuchayib borayotgani, yangi hamkorlik munosabatlari yuzaga kelayotgani muhim rol` o'ynamoqda.
Bunda, ayniqsa, axborot texnologiyalari ko'magida yangidan-yangi imkoniyatlarning taqdim etilayotgani juda qo'l kelmoqda. Buning oqibatida hozirgi globallashuv davriga xos global muammolardan biri – odam savdosi katta tashvish uyg'otmoqda.
Yaqinda Buyuk Britaniyaning “Guardian” nashri, Xalqaro mehnat tashkiloti va “Walk Free Foundation” ma'lumotlariga tayangan holda, ushbu holatga quyidagicha baho berdi. Ya'ni, hozirgi kunda sayyoramiz aholisining taxminan 40 million 300 ming nafari zamonaviy qullik iskanjasidadir.
Odam savdosiga qarshi kurashishda quyidagi 4 ta printsipning samrali tatbiq etilishi juda muhimdir. Bular – oldini olish, ko'mak berish, ta'qib etish va hamkorlik qilish printsiplaridir.
Ommaviy axborot vositalari aholining huquqiy savodxonligini oshirish, odam savodosi holatlarining oldini olish va bunda tahdidlarni kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Jurnalistlarning bu boradagi ahamiyati faqat shu bilangina cheklanib qolmaydi.
Ommaviy axborot vositalarining xabarlari, bir tomondan, odam savdosi jabrdiydalariga ko'mak berish uchun qo'l kelsa, ikkinchi tomondan, bu illat bilan shug'ullanadigan kimsalarni ta'qib qilishda muayyan o'rin tutadi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari mamlakat miqyosida, xorijiy va xalqaro ko'lamlarda ham turli tashkilotlar va muassasalar o'rtasida
hamkorlik aloqalarining rivojlanishida o'ziga xos ko'prik vazifasini o'taydi.
Jahon hamjamiyati tomonidan 2018 yilning dekabrida Marokashda Migratsiya bo'yicha global shartnoma qabul qilindi. Ushbu xalqaro hujjatni O'zbekiston ham qo'llab-quvvatladi. Global shartnomada migratsiya masalalariga keng qamrovli va yalpi yondashish borasida, jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish, migrantlarga nisbatan kamsitish va toqatsizliklarga yo'l qo'ymaslik kabi vazifalarni hayotga tatbiq etishda ommaviy axborot vositalarining o'rni alohida ekani ta'kidlangan.
Ayni chog'da, odam savodasiga qarshi kurashish va tahdidlarni kamaytirish mavzularini samarali yoritish ommaviy axborot vositalari zimmasiga muayyan mas'uliyat yuklaydi. Xususan, bu jarayonlarda jurnalistlarning tegishli kasbiy mahoratga egaligi, umume'tirof etilgan xalqaro printsip va normalarni bilishi, milliy qonunchilik talablaridan xabardorligi, bunday qaltis hodisalarni yoritish uchun ruhiy, ijtimoiy, madaniy va boshqa mezonlar bo'yicha shay bo'lishi taqozo etiladi.
O'zbekiston Xalqaro migratsiya tashkilotining to'laqonli a'osi hisoblanadi. Mamlakatimiz ushbu nufuzli tashkilot odam savdosiga qarshi kurashish va uning jabrdiydalariga ko'mak berish sohasida amalga oshirilayotgan dasturlarda ishtirok etib kelmoqda.
Mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh etish yo'lida keng qamrovli o'zgarishlar izchilllik bilan joriy etilmoqda. Jinoyatchilikka, jumladan odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga barham berish masalalariga ustuvor darajada e'tibor qaratilib, ushbu huquqbuzarliklarning oldini olish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Odam savdosidan jabr ko'rgan kishilarni aniqlash va himoyalash borasida ta'sirchan amaliy ishlar qilinmoqda. Jabrdiyda fuqarolarga tibbiy, ruhiy-ma'naviy va boshqa xil ko'maklar
ko'rsatilmoqda.
O'zbekiston hukumati mehnat migrantlari – mamlakatimizning xorijdagi fuqarolari himoya qilish, shuningdek, odam savodasi jabrdiydalari va ojiz migrantlarga yordam berish masalalariga tobora katta e'tibor qaratmoqda. Mamlakatimiz bu borada bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlar, jumladan, BMTning inson huquqlari bo'yicha asosiy vositalari hamda BMTning 2000 yili qabul qilingan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konventsiyasi ishtirokchis ekani ham buni yaqqol tasdiqlaydi.
Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashishning huquqiy va tashkiliy asoslari yaratilgan hamda bunday jinoyat jabrdiydalarini himoya qilish mexanizmlari ishlab chiqilgan. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyunda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga muvofiq, Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi Oliy Majlis Senati Raisi boshchiligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi etib qayta tashkil qilindi.
Mintaqamiz bo'yicha ilk bor O'zbekistonda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha milliy ma'ruzachi instituti ta'sis etildi. Milliy komissiya jurnalistlar ishtirokida, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda keng axborot-targ'ibot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirishi zarurligi belgilandi. Bunda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo'yicha brifinglar, internet-konferentsiyalar, televizion ko'rsatuvlar uyushtirishga alohida e'tibor qaratish ta'kidlandi.
Davlat rahbarining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qaroriga ko'ra, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo'yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o'zaro hamkorligini, milliy ma'ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta'minlovchi davlat organidir.
Markazning asosiy vazifalari qatorida inson huquqlari sohasida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko'maklashish, inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni amalga oshirish kabi muhim vazifalar ko'zda tutilgan. Markaz direktori Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining a'zosi hisoblanadi.
Shu ma'noda, Farg'ona shahrida tashkil etilayotgan 2 kunlik trening mashg'ulotlarini o'tkazishdan asosiy maqsad odam savdosiga qarshi kurashish mavzusini samarali yoritish borasida ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, davlat organlari matbuot xizmatlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirishga ko'maklashishdir.
O'quv mashg'ulotlarini milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar olib boradi. Interfaol shakldagi muloqotlarda mavjud nazariy va huquqiy manbalarning ahamiyati amaliy mashqlar bilan uyg'unlikda ko'rib chiqiladi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.
Manba: namtoday.uz
- Qo'shildi: 01.11.2019
- Ko'rishlar: 5572
- Chop etish