O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirishga oid chora-tadbirlar jamoatchilik muhokamasida

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, tenglik va inson qadriga hurmat ruhini mustahkamlashning muhim omili hisoblanadi. U inson huquqlari sohasida ongli munosabatni shakllantirish, fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklaridan to‘laqonli foydalanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda, 2025–2029 yillarda BMTning inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish orqali aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, yoshlar ongida inson huquqlari, raqamli texnologiyalar, atrof-muhit muhofazasi va gender tengligi kabi masalalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni kuchaytirish rejalashtirilgan.

Mazkur vazifalarni samarali amalga oshirish hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashi nazarda tutilgan.

Qaror loyihasi inson huquqlari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, mazkur hujjatning qabul qilinishi mamlakatda inson huquqlariga hurmat madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.adliya.uz portalida e’lon qilingan.

Powered by GSpeech