O‘zbekistonga ko‘chib yuruvchi turlarni asrashga qo‘shgan hissasi uchun faxriy maqom berildi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi delegatsiyasi Braziliyaning Kampo-Grande shahrida bo‘lib o‘tgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiya tomonlarining 15-konferensiyasi (CMS COP15) ochilish marosimida ishtirok etdi. Forumda davlatlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar hamjamiyati vakillari ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilishning asosiy masalalarini muhokama qilish va bu sohada global hamkorlikni mustahkamlash uchun birlashdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi o‘z raisligini rasman Braziliya Federativ Respublikasiga topshirdi. Yalpi majlis davomida O‘zbekiston delegatsiyasi 2024–2026-yillardagi raislik natijalari bo‘yicha hisobot taqdim etdi.
Hujjatda mamlakatning ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va yovvoyi hayvonlarni noqonuniy ovlashga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbuslari o‘z aksini topgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Konvensiya tomonlarining 14-konferensiyasi (CMS COP14) 2024-yil fevral oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan va shundan so‘ng O‘zbekiston raislikni o‘z zimmasiga olgan edi. Ushbu forumga mezbonlik qilish mamlakatning atrof-muhit sohasidagi xalqaro mavqeini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan berilgan alohida e’tirof sifatida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga “Migratory Species Champion Plus” (“Ko‘chib yuruvchi turlarni asrash bo‘yicha chempion plyus”) maqomi berildi.

Ushbu maqom O‘zbekistonga 2026–2028-yillarda ko‘chib yuruvchi turlarni noqonuniy olib ketishga qarshi huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash va global harakatlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun topshirildi.
Bu natija mamlakatning barqaror ekologik siyosati, bio xilma-xillikni asrash hamda ko‘chib yuruvchi turlarni himoya qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishga qo‘shgan muhim hissasini yaqqol namoyon etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский