Dastlabki tajriba: Parlamentda inson huquqlari bo'yicha davriy ma'ruza loyihasi muhokama qilindi

12 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida BMTning Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi qoidalariga rioya qilish bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma'ruzasi loyihasi yuzasidan eshituv bo'lib o'tdi.

Tadbir Senatning Sud-huquq masalalari va korruptsiyaga qarshi kurashish qo'mitasi va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida tashkil etildi. Bunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qarori huquqiy asos bo'lib xizmat qildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o'rinbosari D.Muratova BMT Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi qoidalariga rioya qilish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Oltinchi davriy ma'ruzasi loyihasi yuzasidan Senat a'zolariga axborot berdi.

Majlisda O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi bo'yicha Milliy ma'ruza loyihalarini parlamentda muhokama qilish tajribasi ilk bor amaliyotga tatbiq etilayotgani alohida ta'kidlandi.

Keyingi yillarda O'zbekiston xalqaro huquq sub'ekti sifatida o'z taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichiga chiqdi va inson huquqlari sohasida xalqaro qonun ijodkorligining faol ishtirokchisiga aylandi.  Jumladan, 2017-2019 yillarda inson huquqlari bo'yicha xalqaro idoralarga 100 dan ortiq tahliliy material, shuningdek xalqaro huquqiy hujjatlarni ijro etish bo'yicha milliy ma'ruzalar yuborilgan. 

Mazkur Oltinchi davriy ma'ruza loyihasida Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya qoidalariga rioya qilinishi borasida O'zbekiston erishgan muhim natijalar qayd etilgan. Shu bilan birga, ayollarning jamiyatdagi mavqeini oshirish bo'yicha belgilab olingan istiqbolli ustuvor vazifalar bayon qilingan.

Markaz tomonidan tayyorlangan Oltinchi milliy ma'ruza O'zbekistonda tegishli Konventsiya qoidalari ijrosi doirasida 2016 yildan hozirgi kungacha bo'lgan davrda amalga oshirilgan chora-tadbirlarni o'zida qamraydi.

Ma'ruzani tayyorlashda 60 dan ortiq davlat organi va tashkilotlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirok etgan.

Ma'ruza matnida Konventsiya talablari asosida bajarilgan ishlar moddama-modda batafsil aks ettirilgan. Shuningdek, keyingi davrda ushbu xalqaro shartnoma qoidalari doirasida O'zbekiston qonunchiligiga kiritilgan o'zgartirishlar, mamlakatda xotin-qizlar hayotini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari haqida axborot taqdim etilgan.

Ma'lumot uchun: BMTning Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan va 1989 yil 3 sentyabrda kuchga kirgan. Joriy yil 18 dekabrda mazkur Konventsiyaning 40 yilligi butun dunyoda, jumladan, O'zbekistonda keng nishonlanadi.

Jahondagi 187 mamlakat Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to'g'risidagi konventsiya ishtirokchisi hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi ushbu Konventsiyaga 1995 yilda  qo'shilgan.

BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish bo'yicha qo'mitasida O'zbekistonning Konventsiya qoidalari bajarilishiga doir Birinchi davriy ma'ruzasi – 2001 yilda, Ikkinchi va Uchinchi qo'shma davriy ma'ruza – 2006 yilda, To'rtinchi davriy ma'ruza – 2010 yilda, Beshinchi davriy ma'ruza esa 2015 yilda ko'rib chiqilgan.

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech