Joriy yilning 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Farg'ona shahrida «Odam savdosiga qarshi kurashish masalalarini ommaviy axborot vositalarida samarali yoritish» mavzusida jurnalistlar uchun o'quv seminari o'tkaziladi. Ushbu tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMTning migratsiya bo'yicha agentligi – Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan o'zaro hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Mazkur treningni o'tkazishdan asosiy maqsad odam savdosiga qarshi kurashish mavzusini samarali yoritish borasida ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, davlat organlari matbuot xizmatlari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirishga ko'maklashishdir.
Ikki kunlik trening dasturi doirasida quyidagi mavzular bo'yicha ma'ruza, muhokama va munozaralar bo'lib o'tadi:
«Global va mintaqaviy migratsiyaning tamoyillari va da'vatlari»;
«Odam savdosiga qarshi kurashish va jabrdiydalarga yordam ko'rsatish sohalariga doir asosiy tushuncha va printsiplar»;
«Odam savdosiga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy asoslari»;
«O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyunda qabul qilingan “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni, shuningdek, O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida amal qilayotgan boshqa milliy-huquqiy asoslar va mexanizmlar»;
«O'zbekiston Respublikasida jurnalistlik faoliyatining normativ-huquqiy asoslari va kafolatlari»;
«Xavfsiz va tartibli migratsiyani tatbiq etish, odam savdosining oldini olish, bu boradagi xatarlarni kamaytirishda OAVning roli»;
«Odam savdosiga qarshi kurashish, jabrdiydalarga yordam ko'rsatish mavzularini yoritish uchun OAVda foydalaniladigan tushuncha va atamalar»;
«Odam savdosiga qarshi kurashish mavzusini OAVda yoritishda kasb mahorati, odob-axloq va o'ziga xos yondashuv masalalari»;
«Odam savdosiga aloqador holatlar yuzasidan interv`yu olish va maqolalar tayyorlashning texnik jihatlari»;
«Odam savdosi va bu boradagi xatarlarni kamaytirishga taalluqli masalalarni onlayn yoritish»;
«Odam savdosi va bu boradagi xatarlarni kamaytirish muammolarini OAV yordamida yoritishning yangicha samarador usullari»;
«Migrantlarga nisbatan kamsitish va toqatsizlik (ksenofobiya) holatlariga barham berishda OAVning o'rni»;
«Odam savdosi, jabrdiydalar va zaif migrantlarga yordam ko'rsatish mavzulari bo'yicha OAVda yoritilgan materiallarni tahlil qilish usullari».
O'quv mashg'ulotlarini milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlar olib boradi. Interfaol shakldagi muloqotlarda mavjud nazariy va huquqiy manbalarning ahamiyati amaliy mashqlar bilan uyg'unlikda ko'rib chiqiladi. Trening yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.
Ma'lumot uchun: Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM – The International Organization for Migration) 1951 yilda tuzilgan bo'lib, migratsiya sohasidagi yetakchi hukumatlararo muassasa hisoblanadi. Tashkilot ishida 166 davlat a'zo, 8 mamlakat kuzatuvchi maqomida ishtirok etmoqda. Bugungi kunda Xalqaro migratsiya tashkilotining bo'limlari 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda.
O'zbekiston 2018 yilda Xalqaro migratsiya tashkilotiga a'zo bo'lgan. Odam savdosiga qarshi kurashish doirasidagi samarali hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi ushbu tashkilot bilan 2015 yildan buyon hamkorlik qilib keladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.10.2019
- Ko'rishlar: 5555
- Chop etish