19-25 sentyabr kunlari BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan yurtimizga rasmiy tashrif bilan bo'ldi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi mamlakatimizdagi davlat hokimiyati organlarining barcha birinchi rahbarlari bilan uchrashib, yuzma-yuz muloqotda bo'lgani mazkur tashrifning asosiy xususiyatlaridan biridir. Ayniqsa, mo''tabar mehmon O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qabulida bo'lib, mamlakatda 2016 yildan buyon izchil amalga oshirilayotgan noyob islohotlar dasturi haqida atroflicha fikrlashdi.
Diego Garsiya-Sayan bir hafta davomida davlat tashkilotlari, vazirlik va muassasalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, sud`yalar, prokurorlar, advokatlar, talaba-yoshlar bilan qariyb 40 ta uchrashuv o'tkazdi. Shu asosda milliy huquqiy tizimni yanada takomillashtirishga doir dastlabki tavsiyalarini matbuot anjumani orqali jamoatchilik e'tiboriga havola etdi.
Ushbu tavsiyalar sud`yalarni saylash va tayinlash;
sud`yalarning lavozimida ishlab qolishini kafolatlash;
sud`yalarni professional asosda tayyorlash;
sud raislarini tayinlash tartibi va ularning vakolatlari ko'lamini qayta ko'rib chiqish;
sud`yalarga intizomiy chora ko'rish tartib-taomillarini mukammallashtirish;
Oliy sud kengashi a'zolarini saylash va tayinlash tizimini takomillashtirish; prokuratura tizimi vakolatlarini qisqartirish;
advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targ'ibot ishlarini kuchaytirish istiqbollari bilan bog'liq.
Tashrif tafsilotlari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Bu haqda Markaz veb-saytiga bir haftada 50 ta matnli material va 105 ta fotosurat joylashtirildi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi O'zbekistonga tashrif yakunlari bo'yicha o'z xulosa va tavsiyalarini BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga taqdim etishi ko'zda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 15.10.2019
- Ko'rishlar: 5717
- Chop etish