“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining navbatdagi uchinchi soni mamlakatimizda 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga bag‘ishlangan.
Jurnalda O‘zbekiston Respublikasi Saylov komissiyasining raisi Z.Nizomxo‘jaevning “Prezident saylovi: demokratik islohotlarning mantiqiy davomi” maqolasi e’lon qilingan. Unda 2016 yil 4 dekabridagi Prezident saylovidan keyin mamlakatimizdagi tub o‘zgarishlar, xalqaro saylov standartlariga to‘la javob beradigan yangi Saylov kodeksi qabul qilinishining ahamiyati, barcha fuqarolarimizning saylov huquqlarini ta’minlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari to‘la shakllantirilganligi, bu galgi Prezident saylovi ochiq va oshkora, demokratik tarzda ko‘p sonli xalqaro tashkilotlar va xorijiy kuzatuvchilar missiyalarining ishtirokida o‘tkazilishi batafsil bayon etilgan.
Mamlakatimizdagi siyosiy partiyalar rahbarlari – A.Xaitov (O‘zLiDeP), A.Qodirov (“Milliy tiklanish”), B.Abduhalimov (“Adolat”), N.Oblomurodov (Ekologiya), U.Hidoyatov (XDP) jurnalxonlarni Prezidenlikka o‘z nomzodlarining saylov dasturlari bilan tanishtirganlar.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori, akademik A.Saidovning Yangi O‘zbekiston saylov qonunchiligi taraqqiyotining asosiy bosqichlari, falsafa fanlari doktori, professor I.Saifnazarovning Prezident saylovini qonunchilik, shaffoflik va oshkoralik asosida o‘tkazish, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning so‘z erkinligi va saylov huquqining xalqaro o‘lchamlarga mutanosibligi haqidagi maqolalari e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari S.Mamayusupov jurnal sahifalaridagi maqolasida o‘zlari otaliqqa olgan “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilariga ko‘rsatilayotgan har tomonlama yordam haqida bayon etgan.
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”ning ushbu sonida, shuningdek olimlarning tadbirkorlikning huquqiy asoslari, huquq-tartibot idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati, Orol dengizining xalqaro huquqiy maqomi, korrupsiyaga qarshi kurash, “halollik vaksinasi” ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning muhim vositasi ekanligi, homiylik va metsenatlikning rivojlanishi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda kitobxonlikning roli va boshqa mavzularda ilmiy maqolalar e’lon qilingan.
E.Ernazarov
- Qo'shildi: 27.09.2021
- Ko'rishlar: 3793
- Chop etish