O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning xalqchillik va adolatparvarlik ruhi bilan yo'g'rilgan yana bir ezgu tashabbusi ro'yobga chiqishi yo'lida muhim qadam qo'yildi. Bu o'rinda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha hujjat loyihalari Internet saytlarida (http://2020.strategy.uz/) jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgani haqida so'z bormoqda.
Prezidentimiz shu yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida hukumat 1 aprelga qadar «propiska» tizimini tubdan isloh qilishni nazarda tutuvchi aniq takliflarni ishlab chiqishi lozimligiga alohida e'tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari, xususan, «Fuqarolarga O'zbekiston Respublikasining xohlagan joyida bemalol «propiska»ga o'tib, xohlagan joyida bemalol ishlash bo'yicha qonuniy imkoniyatni yaratmas ekanmiz, gap bilan bu ishlarni amalga oshirib bo'lmaydi», deb ta'kidladi.
Mazkur muhim va dolzarb vazifa «2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi»ga kiritildi. Tegishli davlat organlari ushbu tizimni ko'rib chiqish, hatto "propiska" so'zini amaliyotdan chiqarish bo'yicha zarur choralar ko'rishni boshladi.
Mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan "propiska" tizimini isloh qilishga doir O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hozirgi kunda Internetda jamoatchilik tomonidan muhokama etilayotgan hujjatlar matni ana shu sa'y-harakatlar natijasidir.
Xo'sh, "propiska" tizimi nima degani o'zi?
Birinchidan, bu O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mutlaqo zid va inson huquqlarini kamsitish hisoblanadi. Asosiy Qonunimizning 28-moddasida mustahkamlab qo'yilganidek, "O'zbekiston Respublikasi fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga ko'chish, O'zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir".
Afsuski, Konstitutsiyamiz qabul qilinganidan buyon o'tgan qariyb 28 yil davomida mamlakatimiz fuqarolarining ana shu konstitutsiyaviy huquqi ta'minlanmasdan, poymol etib kelinmoqda. Yurtdoshlarimiz o'z Vatanida – poytaxtda va viloyatlarda erkin ko'chish, yashash, ishlash imkoniyatlaridan amalda mahrum ekani buning yaqqol dalolatidir.
Ikkinchidan, "propiska" sho'rolar zamoniga mansub eskilik sarqitidir. U insonning erkin mehnat qilishi va o'z iqtidori hamda salohiyatini namoyon etishi bilan bog'liq huquqlarini cheklaydi. Shuningdek, u xususiy mulk, tadbirkorlik, biznes ruhiyatiga tamomila qarshi qaratilgan. Milliy va xalqaro darajada tanilgan iqtisodchilar bu fikrning tasdig'i sifatida ko'plab misollar keltirishi mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vaziri Jamshid Qo'chqorovning qayd etishicha, kishilarning ko'chuvchanligi – eng muhim iqtisodiy kategoriyalardandir. Yevropa mamlakatlarida taraqqiyot darajasi yuqoriligining asosiy omillaridan biri aynan "propiska" tizimining mavjud emasligi, ya'ni aholining erkin ko'chish imkoniyatiga egaligi bilan bog'liq.
AQShda Yevropa mamlakatlaridagiga nisbatan mehnat unumdorligining ancha balandligi esa amerikaliklar yevropaliklardan ham ko'proq ko'chuvchan ekaniga borib taqaladi. Dunyoning rivojlangan davlatlarida fuqaro o'zi istagan paytda zarur narsalarini ulovga ortib, istalgan hududga yashagani, o'qigani yo ishlagani ketaverish huquqiga ega.
O'zbekistonda esa necha o'n yillar davomida o'z qishlog'idan boshqa joyni ko'rmasdan yashayotgan odamlar ko'p. Bu, o'z navbatida, insonning iqtisodiy ahvoliga va aholi turmush darajasining ortishiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, propiska tizimi haligacha "xalqimizning oyog'iga solingan kishan" bo'lib qolmoqda.
O'zbekiston davlat mustaqilligini qo'lga kiritgach, 1992 yili BMTning teng huquqli a'zosiga aylandi. Qisqa fursatda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiya, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt kabi asosiy xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qildi.
Dunyo tajribasida deyarli kuzatilmagan g'ayrihuquqiy tartib, ya'ni "propiska" masalasidagina nufuzli xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga amal qilinmadi. Masalan, BMT Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlar bo'yicha qo'mitasi tomonidan 2014 yil 13 iyunda taqdim etilgan O'zbekistonning Ikkinchi davriy ma'ruzasi muhokamasi bo'yicha yakuniy tavsiyalarida "propiska" tizimiga barham berish bilan bog'liq amaliy taklif va tavsiyalar bildirilgan.
Uchinchidan, "propiska" xalqaro huquq nuqtai nazaridan, diskriminatsiya, ya'ni inson huquqlarini kamsitish, deganidir. Shu o'rinda BMT Inson huquqlari qo'mitasining 2020 yil 2 aprelda e'lon qilingan O'zbekistonda inson huquqlari tamoyillariga rioya qilinishi bo'yicha navbatdagi hisobotiga to'xtalish lozim bo'ladi.
BMT Inson huquqlari qo'mitasi O'zbekiston hukumatiga 8 ta tavsiya bergan. Ushbu tavsiyalar orasida O'zbekistonda davlat «propiska» tizimini Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt qoidalariga to'liq muvofiqlashtirilishini ta'minlashi zarurligiga alohida e'tibor qaratilgan.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning 12-moddasi 1-bandiga muvofiq, "Biror-bir davlat hududida qonuniy ravishda bo'lgan har bir kishi ushbu hudud doirasida erkin ko'chib yurish va yashash joyini tanlash huquqiga ega". Ushbu Xalqaro paktning 16-moddasiga binoan esa, "Har bir kishi qaerda turishidan qat'i nazar, uning sub'ektlik huquqi tan olinishi huquqiga ega". O'z-o'zidan ko'rinib turibdiki, «propiska» tizimi ana shu muhim huquqlarni yo'qqa chiqaradi.
Bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish tizimini takomillashtirish bo'yicha hujjat loyihalarining Internetdagi jamoatchilik muhokamasida ishtirok etuvchilar, bir tomondan, shunday tarixiy tashabbusning ro'yobga chiqishiga guvoh bo'lmoqdalar, boshqa tomondan esa, bu muhim jarayonda bevosita ishtirok etmoqdalar.
Xulosa o'rnida mazkur loyihalarning bir qator xususiyatlariga to'xtalishni lozim deb topdik. Jumladan:
birinchidan, ushbu loyihalarni tayyorlashda fuqarolarning fikr-mulohazalari va ilg'or xorijiy tajriba chuqur o'rganildi;
ikkinchidan, bu jarayonda inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan qoidalar va kafolatlarni belgilashga asosiy e'tibor qaratildi. Jumladan, ko'pchilik fuqarolarning e'tirozlariga sabab bo'layotgan “propiska” tushunchasi o'rniga xalqaro tajribaga asoslangan holda “ro'yxatdan o'tkazish” tushunchasi kiritilmoqda;
uchinchidan, O'zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va viloyatida ko'chmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo'lish hamda yangi qurilgan uylarning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini to'lash haqidagi talablar bekor qilinmoqda.
to'rtinchidan, fuqarolarning birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat o'zi doimiy ro'yxatda bo'lgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy ro'yxatga qo'yish huquqi nazarda tutilmoqda;
beshinchidan, boshqa hududlarda doimiy ro'yxatga olingan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining Toshkent shahri va viloyatida uyni umumiy mulk huquqi asosida oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, renta, umrbod ta'minlash sharti bilan boshqa shaxsga berish, garovga (ipotekaga) qo'yish, ko'chmas mulkdan voz kechish va ko'chmas mulkni o'zgaga berishning boshqa usullariga oid bitimlarni notarial tasdiqlashda ham ijtimoiy norma to'g'risidagi qoidalar inobatga olinishi lozimligi belgilanmoqda;
oltinchidan, doimiy propiska uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo'qotilishi haqidagi qoidalarni qonunchilikdan chiqarib tashlash ko'zda tutilgan.
Shuningdek, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro'yxatga ega bo'lgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qo'shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro'yxatga olinishi mumkin bo'ladi. Shundan kelib chiqib, vakillik organlariga saylangan, tegishli davlat organlari, xo'jalik boshqaruvi organlari va respublika ahamiyatidagi boshqa davlat tashkilotlariga tayinlangan xodimlar uchun doimiy ro'yxat bo'yicha lavozimni egallab turish davriga oid cheklov olib tashlanmoqda.
Bundan tashqari, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo'yicha ro'yxatga turish imkoniyatiga ega bo'ladi.
Vaqtincha turgan joyi bo'yicha ro'yxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilmoqda. Ayni vaqtda, fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha ro'yxatdan o'tmasdan, yashash muddati 10 kundan 15 kunga o'zgartiriladi.
Shu bilan birga, doimiy va vaqtincha turgan joyi bo'yicha ro'yxatga olish fuqaroning xohishiga ko'ra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.
Doimiy ro'yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va mazkur jarayonlarni raqamlashtirish ko'zda tutilmoqda. Bunda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro'yxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro'yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo'limlariga borish tartibi bekor qilinib, ushbu jarayonlar idoralararo elektron dastur orqali amalga oshiriladi.
Tug'ilgan bolaga Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida tug'ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish vaqtida uni otasi yoki onasining doimiy ro'yxat manzili bo'yicha idoralararo avtomatlashgan tizim orqali doimiy ro'yxatga olish tartibi kiritilmoqda.
Ushbu yangiliklarning barchasini ma'qullagan holda, bir taklif kiritaman. Ya'ni, har ikki hujjat – «propiska» tizimini isloh qilishga doir O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini xalqaro ekspertizadan, xalqaro ekspertlar nazaridan o'tkazib olish lozim. Buning uchun loyihalar matnini O'zbekistonning yaqin hamkorlari hisoblanuvchi barcha xalqaro tashkilotlar ofislariga imkon qadar tezroq taqdim etish kerak.
Shunday qilib, qadrli fuqarolar, mazkur hujjat loyihalarining mazmuni yanada ochilib, mohiyati va ahamiyati ortishi siz bildiradigan taklif va mulohazalarga bog'liq ekanini unutmang.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 06.04.2020
- Ko'rishlar: 5002
- Chop etish