4 dekabr kuni poytaxtimizda O'zbekiston Respublikasi tomonidan BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasining ratifikatsiya qilinishi masalasi bo'yicha jamoatchilik eshituvi bo'lib o'tdi.
Mazkur tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Nogironlar uyushmasi, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi va YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Jamoatchilik eshituvida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillaboev, BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer, BMT Nogironlar huquqlari bo'yicha qo'mitasining a'zosi professor Markus Shefer va YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Elchi Jon MakGregor so'zga chiqdi.
Shuningdek, BMT Nogironlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Katalina Devandas Agilarning tadbir ishtirokchilariga yo'llagan videomurojaati namoyish etildi.
Jamoatchilik eshituvidan maqsad – nogironligi bo'lgan shaxslarning BMT Konventsiyasida mustahkamlab qo'yilgan huquqlaridan keng jamoatchilik xabardorligini oshirishdan iborat. Shuningdek, O'zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va barqaror rivojlanishni rag'batlantirish borasida ushbu xalqaro hujjatning ahamiyatiga e'tibor qaratildi.
Tadbir 1992 yildan buyon har yili 3 dekabrda butun dunyoda nishonlanadigan muhim sana – Xalqaro nogironlar kuniga bag'ishlandi. Bu xalqaro sananing 2019 yilgi global mavzusi: “Nogironlarning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta'minlash – 2030 yilgacha bo'lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasiga doir kun tartibini amalga oshirish omili”, deb nomlangan.
Shu ma'noda, jamoatchilik eshituvida nogironligi bo'lgan shaxslar inklyuziv, adolatli va barqaror rivojllanish ne'matlaridan to'la bahra olishi uchun ularning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish mavzusi atroflicha muhokama qilindi.
Sayyoramiz aholisining salkam 15 foizini nogironligi bo'lgan shaxslar tashkil etadi. Rasmiy manbalarga ko'ra, O'zbekistonda 780 ming nafardan ortiq nogironligi bo'lgan kishilar yashaydi.
Ma'lumot uchun: BMT Nogironlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasi BMT Bosh Asambleyasi tomonidan 2006 yil 3 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan.
Bugungi kunda BMTga a'zo 193 davlatning 180 tasi, jumladan MDH makonidagi Armaniston, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova, Rossiya, Ukraina, Qirg'iziston va Qozog'iston kabi mamlakatlar ushbu xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilgan.
O'zbekiston 2009 yil 27 fevralda Konventsiyani imzolagan. Bu xalqaro hujjat qoidalari mamlakatimiz uchun majburiy kuchga kirishi uchun uning ratifikatsiya qilinishi taqozo etiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.12.2019
- Ko'rishlar: 5170
- Chop etish