Qirg‘iziston o‘lim jazosini qaytarmaydi – Konstitutsiyaviy sud buni taqiqladi
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi mamlakat prezidenti Sadir Japarov ma’muriyatining bolalarni zo‘rlash va zo‘rlash bilan bog‘liq qotillik uchun o‘lim jazosiga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlar loyihasi bo‘yicha murojaatini ko‘rib chiqdi va o‘lim jazosini qaytarish Konstitutsiyaga muvofiq emas, degan xulosaga keldi.
Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi 2025 yil 10 dekabrda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish orqali o‘lim jazosini tiklashni nomaqbul va yuridik jihatdan imkonsiz deb topdi, chunki bu «Konstitutsiya va mamlakatning xalqaro majburiyatlariga ziddir».
Qirg‘iziston sudining press-relizida aytilishicha, sud mamlakat prezidenti Sadir Japarov ma’muriyatining bolalarni zo‘rlash va zo‘rlash bilan bog‘liq qotillik uchun o‘lim jazosiga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlar loyihasi bo‘yicha murojaatini ko‘rib chiqqan.
Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha sud o‘lim jazosini qaytarish Konstitutsiyaga muvofiq emas, degan xulosaga keldi. Sud inson huquq va erkinliklari Konstitutsiyada oliy qadriyat sifatida mustahkamlanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, o‘lim jazosini taqiqlash va yashash huquqining ustuvor ahamiyatini tan olish nafaqat me’yoriy, balki chuqur qadriyatli o‘lchovga ega.
Konstitutsiyaviy sud masalaning xalqaro-huquqiy jihatiga ham e’tibor qaratdi. Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari mamlakat huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekani belgilangani sababli, davlat ichki qarorlar qabul qilishda ratifikatsiya qilingan shartnomalarga rioya qilishi shart. Sud Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga tayanib, davlat xalqaro shartnomani bajarmaslikni o‘zining ichki huquqi bilan oqlay olmasligini, shartnomaning amal qilishini tugatish yoki to‘xtatib turish esa unda belgilangan shartlar bilan qat’iy cheklanganini ta’kidladi.
Konstitutsiyaviy va xalqaro-huquqiy dalillar majmuasiga asoslanib, Konstitutsiyaviy sud o‘lim jazosini konstitutsiyaviy tuzatish orqali tiklash Asosiy qonunga mos kelmaydi va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan hamda huquqiy jihatdan imkonsiz degan xulosaga keldi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi referendumga qo‘yilishi mumkin emas, uni ilgari surish bo‘yicha barcha tartib-taomillar esa Konstitutsiyaviy sudning xulosasi kuchga kirgan paytdan e’tiboran tugatiladi.
Qirg‘izistonda 2025 yil sentabr oyi oxirida 17 yoshli Aysulu Mukashevaning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi ortidan o‘lim jazosini qaytarish masalasi ko‘tarildi. Prezident Sadir Japarov Konstitutsiyaga bolani zo‘rlash, shuningdek, keyinchalik bola yoki kattalarni o‘ldirish bilan bog‘liq zo‘rlash uchun o‘lim jazosini qo‘llashga ruxsat berish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni buyurdi. Bundan tashqari, o‘lim jazosini taqiqlash haqidagi xalqaro shartnomadan chiqish ham taklif qilindi.
Keyinchalik, Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati o‘lim jazosini qaytarish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi.
Kun.uz
Ўзбекча
English
Русский