QIYNOQQA SOLISHGA QARSHI KURASHISH: Trenerlar o‘quv kurslarini o‘tkazishga tayyor

7-8 oktabr kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu seminar mashg‘ulotlari davomida quyidagi mavzularda ma’ruzalar tinglandi:

  • “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar. Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya va unga Fakultativ protokolning asosiy mazmun-mohiyati”;
  • “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlarining O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligida ifodalanishi”;
  • “Kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish, xabar berishga oid xalqaro standartlar va O‘zbekiston Respublikasi jinoiy-huquqiy tizimida mazkur standartlarning qo‘llanilishi”;
  • “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”;
  • “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari”;
  • “Voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar”;
  • “Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti, shuningdek, BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi ekspertlarining ma’ruzalaridagi bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi.

Seminar-treningda o‘z bilimi, malaka va ko‘nikmalarini mustahkamlagan trenerlar, avval xabar qilinganidek, shu yil 18 oktabrdan – 6 noyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining 1 ming 154 nafar xodimi uchun tashkil etiladigan o‘quv kurslarida o‘z ma’ruzalari va amaliy mashg‘ulotlari bilan ishtirok etadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech