Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov YEIning Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili T.Hakalani qabul qildi

Joriy yilning 24 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari A.Saidov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili T.Hakalani qabul qildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, radikallashuvga qarshi kurash, parlament rolini kuchaytirish va fuqarolik jamiyatining imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Teri Hakala O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muvaffaqiyatli rivojini, xususan, kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risida yangi bitim tuzish bo'yicha olib borilayotgan muzokaralarni yuqori baholadi.

 ­–O'zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bog'liqligi bo'yicha xalqaro konferentsiya, shuningdek, Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvi so'zlarimning isbotidir, – dedi T.Hakala. –  Inson huquqlari, gender tengligi va boshqa qator sohalarda islohotlar qilinmoqda, davlatingiz oqilona qarorlari tufayli har tomonlama rivojlanish yo'lida. Ta'kidlashim kerak, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligidagi O'zbekiston Yevropa Ittifoqi uchun muhim sherik hisoblanadi.

Tomonlar Afg'onistondagi harbiy-siyosiy vaziyat bilan bog'liq imkoniyatlarni ham ko'rib chiqdi, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan tahdidlardan xavotir bildirildi.

Uchrashuvda tomonlar O'zbekiston – YEI parlamentlararo konstruktiv muloqotini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.

YEIning Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili 2022 yilda O'zbekistonda fuqarolik jamiyati, shuningdek, yoshlar mintaqaviy forumini o'tkazishni taklif qildi.

Suhbat yakunida O'zbekiston-Yevropa Ittifoqi Parlament hamkorlik qo'mitasining navbatdagi majlisini o'tkazish muhimligi ta'kidlandi.

Manba: parliament.gov.uz

Powered by GSpeech