Senat raisi: Milliy ma’ruzalar tayyorlashda nafaqat parlament va Inson huquqlari markazi, balki bu borada Vazirlar Mahkamasining imkoniyatlarini ham safarbar qilish kerak

Oliy Majlis Senati yigirma birinchi yalpi majlisida Inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijro etish holatlari alohida tilga olindi.

Senat raisi o‘z so‘zida barcha tarmoqlarning kadrlar malaka oshirish institutlari, markazlari yoki akademiyalarida inson huquqlari masalasi bo‘yicha o‘zlariga tegishli darsliklar kiritish kerakligini qayd etdi.

– Ishlab chiqilayotgan darsliklarni ekspertiza qilishga vazirlik idoralari va olimlardan tashqari, keng jamoatchilikni jalb qilish muhimdir. Darsliklar xalqchil, oddiy odamlar tushunadigan bo‘lishi lozim.

Aytish joiz, O‘zbekiston inson huquqlariga oid BMTning barcha Konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Ular mamlakatimiz milliy qonunchiligiga implementatsiya qilingan. Konvensiyalarning bajarilishi yuzasidan belgilangan muddatlarda Milliy ma’ruzalar taqdim etib boriladi.  Senat raisi ushbu Milliy ma’ruzalar tayyorlanishi bo‘yicha tavsiyalar berar ekan, ularni  Vazirlar Maxkamasidan ekspertizadan o‘tkazilishi maqsadga muvofiq ekanligiga urg‘u berdi.

 – Milliy ma’ruza – bu hukumatning ma’ruzasidir. Bu jarayonga Vazirlar Mahkamasining imkoniyatlarini ham safarbar qilish kerak. Hukumatning Kompleks rahbarlari “Yo‘l xaritasi”ning o‘zlariga tegishli bo‘lgan topshiriqlari bajarilishini idora va vazirliklardan qat’iy so‘rashlari lozim. Shundagina oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishamiz.

– Qonunlar loyihalari ishlab chiqilib, belgilangan muddatda kiritilmasligi yoki "Yo‘l xarita"larida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilmasligiga Markaz javob bermaydi, u bajarilgan ishlarni muvofiqlashtiradi. Lekin, ijroning ta’minlanishida Oliy Majlis ikkala palatasining qo‘mitalari yordam berishi lozim. Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda ishlar to‘g‘ri tashkillashtirilsa, Milliy ma’ruzani tayyorlashda yaxshi natijaga erishish mumkin.

Manba: O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech