“Shayx Zoid mukofoti-2026” sovrindorlari e’lon qilindi
Birlashgan Arab Amirliklarida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” mukofoti – “Zayed Award for Human Fraternity” laureatlari e’lon qilindi.
Qayd etish kerak, ushbu mukofot dinlararo tinchlik, o‘zaro hurmat, ijtimoiy adolat va inson salohiyatini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan jismoniy va yuridik shaxslarga beriladi. Bu gal Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasidagi tarixiy tinchlik kelishuvi hamda huquq himoyachisi Zarqa Yaftali mazkur sovringa munosib, deb topildi.
Hakamlar hay’ati tarkibiga muloqot va birdamlikda yashash sohasidagi taniqli arboblar, ekspertlar kiritilgan. Ular orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham bor.
Darvoqe, S.Mirziyoyeva ushbu mukofot hakamlar hay’ati tarkibidagi Markaziy Osiyoning ilk va hozircha yagona vakili hisoblanadi. Ushbu tanlov uning xalqaro maydonda gumanitar tashabbuslar va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasining haqli e’tirofidir. Shuningdek, bu voqea Yangi O‘zbekistonning madaniyatlararo muloqot va gumanitar tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun ochiq mamlakat sifatidagi obro‘sini mustahkamlaydi, respublikamizning global muammolarni faol hal qilishga qat’iy intilishini tasdiqlaydi.

Ma’lumot o‘rnida: Shayx Zoid mukofoti 2019 yil Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan Rim papasi Fransisk va Al-Azhar bosh imomi Shayx Ahmad At-Tayyib o‘rtasidagi tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan. O‘shanda mukofotga asos bo‘lgan “Insoniy birodarlik to‘g‘risidagi hujjat” imzolangan edi. Alohida shaxslar va tashkilotlarga insoniy birodarlik qadriyatiga asoslangan yanada tinch, uyg‘un va rahm-shafqatga to‘la dunyoni barpo etishga qo‘shgan ulkan hissa uchun beriladigan mazkur sovringa 2019 yildan buyon 19 davlatdan 19 kishi sazovor bo‘ldi.
Bugungacha ushbu mukofotga Rim papasi Fransisk (faxriy laureat), Al-Azharning buyuk imomi Ahmad Al-Tayyib (faxriy laureat), BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha franko-marokashlik faol Latif ibn Ziaten, Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi qiroli Abdulla II bin Al-Husayn va qirolicha Raniya Al-Abdalla, Gaiti “Bilim va erkinlik jamg‘armasi” insonparvarlik tashkiloti (FOKAL), Italiyaning “Muqaddas Egidiya hamjamiyati”, keniyalik tinchlikparvar Shamsa Abubakar Fadxil, Indoneziyaning “Nahdatul ulamo” va “Muhammadiya” xayriya tashkilotlari, misrlik mashhur kardioxirurg, professor Magdi Yoqub, Chili nodavlat tashkiloti asoschisi Nelli Leon Korrea, Barbados Bosh vaziri Mia Amor Mottli, Amerika oziq-ovqat yordami tashkiloti “Butunjahon markaziy oshxonasi”, efiopiyalik-amerikalik o‘smirlar salomatligi sohasidagi novator Xeman Bekele sazovor bo‘lgan.
2026 yilgi mukofot sovrindorlari Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasidagi tarixiy tinchlik kelishuvi, shuningdek afg‘on qizlari uchun ta’lim tarafdori bo‘lgan huquq himoyachisi Zarqa Yaftali bo‘ldi.
Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasi o‘rtasida tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim Kavkazdagi o‘nlab yillar davom etgan mojaro va gumanitar azob-uqubatga barham berishga qaratilgan ikki davlat rahbariyatining muhim qaroridir. Mazkur hujjat ikki qo‘shni mamlakatning tinchlik, muloqot, nizoni bartaraf qilish yo‘lidagi umumiy say’-harakat ifodasidir.
Butun umrini ayollar va bolalarning ta’lim olish huquqini himoya qilishga bag‘ishlagan jasur ayol Zarqa Yaftali ushbu mukofotga Afg‘oniston va boshqa yurtlardagi 100 000 dan ortiq aholiga ta’lim resurslari ajratgani, psixologik-ijtimoiy yordam va mahalla darajasida xizmatlar ko‘rsatgani uchun sazovor bo‘ldi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tinchlik bitimi tan olingani Zoid mukofoti bilan taqdirlanganidan mamnunlik bildirib, Janubiy Kavkaz mintaqasi va butun dunyoda tinchlik o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlari uchun 2026 yilgi mukofotni topshirish qo‘mitasiga minnatdorlik izhor etdi.

Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham ushbu voqeani tarixiy kelishuvni hayotga tatbiq etishga hissa qo‘shganlarning samimiy e’tirofi sifatida “ulkan sharaf” deb atadi.
O‘z navbatida, Zarqa Yaftali “juda hayajonlangani, ehtirosga to‘lib-toshgani”ni aytib, insoniy birodarlik uchun Zoid mukofoti hakamlar hay’atiga samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, laureat etib tanlanishi Afg‘oniston ayollari uchun “muhim xabar”, ko‘plab afg‘on ayollari, ayniqsa onlayn maktablar talabalari, yosh qizlar – tinchlik, xavfsizlik va yetakchilik kurslari tinglovchilariga umid va rag‘bat beradi.
Mukofotning 2026 yilgi sohiblari muloqot va jipslikda yashash sohasidagi taniqli arboblar, ekspertlardan iborat mustaqil xalqaro hakamlar hay’ati tomonidan tanlandi. Ular orasida Yevropa Kengashi sobiq rahbari, Belgiya sobiq Bosh vaziri Sharl Mishel, Afrika Ittifoqi komissiyasi sobiq raisi, Chad sobiq Bosh vaziri Musa Fakiy Muhammad, YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, Muqaddas taxtning madaniyat va ta’lim Dikasteriyasi prefekti, kardinal Xose Tolentino de Mendonsa, insoniy birodarlik uchun Zoid mukofoti bosh kotibi, sudya Muhammad Abdulsalom kabi nufuzli shaxslar bor.
– Bu yil insoniy birodarlik uchun Zoid mukofotini topshirish qo‘mitasi tomonidan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tarixiy tinchlik bitimi e’tirof etilishi muloqot va jipslik madaniyati targ‘ibotiga qaratilgan missiyamiz va maqsadlarimiz ifodasi sifatida global tinchlikni ilgari surish yo‘lidagi muhim bosqich va yirik diplomatik yutuqdir, – deydi Zoid mukofoti bosh kotibi Muhammad Abdulsalom. – Biz Kavkazdagi qariyb qirq yillik keskinlik va mojaro sahifasini o‘zgartiramiz, har ikki xalq uchun yanada xavfsiz, umumiy kelajak uchun mustahkam poydevor qo‘yamiz.
Hay’at a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 2026 yilgi mukofot sohiblari e’lon qilinishi tinchlik va inson qadr-qimmati tamoyillariga global axloqiy sodiqlik tasdig‘i ekaniga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, bu e’tirof xalqaro hamjamiyatga yana bir bor umid bag‘ishlaydi, insoniyat birodarligi muhim va barqaror o‘zgarishlarga hissa qo‘shish qobiliyatini tasdiqlaydi.
– Qo‘mita uchun Zarqa Yaftalini afg‘on qizlarining ta’lim olish huquqini himoya qilish va ayollar huquqi va imkoniyatini kengaytirish yo‘lidagi tinimsiz sa’y-harakatlari, yetakchiligi uchun e’tirof etish sharafdir, – dedi YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.
2026 yilgi sovrindorlarini taqdirlash marosimi BMT tomonidan e’tirof etilgan Xalqaro inson birodarligi kuni – 4 fevralda Birlashgan Arab Amirliklari Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir birodarlikning insoniy qadriyatlari o‘nlab yillik keskinliklarni yengib o‘tishga qodirligini ta’kidlaydi, xalqaro hamjamiyatni global muammolarni hal qilish bo‘yicha jamoaviy harakatlarga ilhomlantiradi.
Ta’kidlash joiz, hakamlar hay’ati tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva alohida o‘rin egallaydi. Bu ishtirok nafaqat O‘zbekiston vakilining gumanitar tashabbuslar va madaniyatlararo muloqotga qo‘shgan shaxsiy hissasini e’tirof etadi, balki mamlakatimizning tinchlik va bag‘rikenglikni faol targ‘ib qiluvchi davlat sifatidagi xalqaro obro‘sini ham oshiradi.
O‘tkir Alimov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский