Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi

2021 yil 18 avgust kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. 

Unda milliy komissiya a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Narbaeva olib borgan majlisda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2021 yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, ko'rilgan choralar hamda ushbu yo'nalishlarda hali o'z yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, o'tgan davr mobaynida sohada milliy qonunchilik asoslarini takomillashtirish jarayoni izchil davom ettirildi. Xususan, 2 ta Qonun, Prezident Farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigienasiga ko'maklashish asoslari to'g'risida”gi Konventsiyasi (Jeneva, 2006 yil 15 iyun`) ratifikatsiya qilindi. O'zbekistonda ilk marotaba odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajada qayta yo'naltirish tizimi joriy qilindi.

Yig'ilishda odam savdosi jabrdiydalariga yordam ko'rsatish, ularni reabilitatsiya qilish, shuningdek, xorijdagi fuqarolarimiz manfaatlarini himoyalash masalalariga ham alohida to'xtalib o'tildi. Odam savdosidan jabrlangan, uzoq muddat xorijda bo'lib qaytgan va deportatsiya qilingan ayollarga har tomonlama yordam ko'rsatilgani ta'kidlandi.

E'tiborli jihati, mamlakatimizda odam savdosi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo'yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng e'tirof etilmoqda. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa Ittifoqi, AQSH Davlat departamenti, Mehnat vazirligi ushbu yo'nalishdagi sa'y-harakatlarni munosib baholamoqda. 

Tadbirda AQSH Davlat departamentining yillik hisobotidagi tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ham muhokama qilinib, bu borada tegishli “Yo'l xaritasi” ishlab chiqishga kelishildi.

Shuningdek, yig'ilishda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash bo'yicha o'z yechimini kutayotgan masalalarga e'tibor qaratildi. Ayrim mahalliy ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari hali hamon kuzatilayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun, hisobot davrida Mehnat inspektsiyasi tomonidan joylarda xodimlarni o'z funktsional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish bo'yicha 41 ta holat aniqlangan. Sohalar kesimida aytganda, majburiy mehnat holatlarining aksariyati xalq ta'limi, bank-moliya, tibbiyot, transport va obodonlashtirish tarmoqlarida uchramoqda.

Yig'ilishda joriy yilgi paxta yig'im-terim mavsumida majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik, mehnat munosabatlarini to'g'ri rasmiylashtirish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilishi lozim bo'lgan masalalar ham muhokama qilindi.

O'z navbatida, joylarda odam svadosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha xududiy komissiyalar hisobotlari eshitildi.

Kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.

Manba: senat.uz

Powered by GSpeech