Tanzila Norboyeva: Majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tarixiy ahamiyatga ega

Toshkent shahrida mehnat huquqlarini himoya qilish, mas’uliyatli ishlab chiqarish va to‘qimachilik sanoatida barqaror standartlarni joriy etishga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda Senat Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda mehnat munosabatlari va majburiy mehnatni bartaraf etish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar tarixiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

2024-2025 yillarda “Better Cotton Initiative” tomonidan amalga oshirilgan asosiy islohotlar – sertifikatlash tizimiga to‘liq o‘tish, regenerativ qishloq xo‘jaligi standartlarining yangi bosqichga ko‘tarilishi, BCIning yangilangan leyblining joriy etilishi hamda O‘zbekiston bo‘yicha mustaqil monitoring natijalari taqdim etildi.

Ta’kidlanganidek, o‘zbek paxtasiga nisbatan “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan qo‘llanilgan boykotning bekor qilinishi – O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi eng yirik e’tiroflaridan biri.

O‘zbekiston va xalqaro hamkorlar o‘rtasidagi munosabatlar “monitoring va nazorat” bosqichidan “to‘liq ishonchga asoslangan sheriklik” bosqichiga o‘tgani alohida qayd etildi.

Davlat mehnat inspeksiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, mustaqil ekspertlar va fuqarolik jamiyati tashkilotlari ishtirokida keng ko‘lamli monitoring o‘tkazilishi davom ettirilayotgani ma’lum qilindi.

Senat Raisi O‘zbekistonning BCI, xalqaro tashkilotlar, yirik global brendlar va sertifikatlashtirish institutlari bilan hamkorligi izchil kengayayotganini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakat barqaror ishlab chiqarish, ESG tamoyillarini qo‘llash, due diligence  amaliyotlarini joriy etish va ta’minot zanjirlarining to‘liq shaffofligini ta’minlash borasida ochiq muloqot va qo‘shma tashabbuslarga tayyor ekani qayd etildi.

Sohada keng ko‘lamli modernizatsiya amalga oshirilgani va klasterlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi. Xususan, to‘qimachilik korxonalari modernizatsiya qilindi. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va uning huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etildi. Klasterlarga moliyaviy imtiyozlar hamda imtiyozli kreditlar berildi. Shuningdek, soliq-bojxona yengilliklari, raqamli sertifikatlash va xalqaro standartlarga mos sifat nazorati tizimlari joriy etildi.

BCI sertifikati O‘zbekiston milliy to‘qimachilik mahsulotlarining jahon bozoriga keng kirib borishi va global brendlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini yanada oshirayotgani alohida ta’kidlandi.

Anjuman yakunida ishtirokchilar o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi va kelgusidagi faoliyat uchun “yo‘l xaritasi” imzolandi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech