«Buyuk G'alabaning 75 yilligi va zamonaviy xalqaro huquqning rivojlanishi»

27 yanvar kuni Moskva shahrida Rossiya xalqaro huquq assotsiatsiyasining shu mavzudagi yillik yig'ilishi o'z ishini boshladi. Mazkur forumda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirok etmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlanganidek, “Bizning mard, yengilmas va olijanob xalqimiz buyuk G'alabani ta'minlashga beqiyos hissa qo'shgani bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz. Bu qonli urushda jami 1,5 milliondan ziyod O'zbekiston farzandlari tinchlik va ozodlik uchun mardona jang qilgani, ularning har uch nafaridan biri o'z yaqinlari bag'riga qaytmagani, el-yurtimizning front ortida ko'rsatgan jasoratini xalqimiz hech qachon unutmaydi”.

Joriy yilda O'zbekistonda urush va front orti faxriylariga har tomonlama e'tibor yanada kuchaytiriladi. Jumladan, mamlakatimizning eng yaxshi sanatoriylarida ularning salomatligini mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Urush yillarida xalqimiz ko'rsatgan haqiqiy jasorat va matonatni kino, teatr san'ati, badiiy-publitsistik asarlar, ilmiy tadqiqotlar orqali ko'rsatish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizga ta'sirchan tarzda yetkazish bo'yicha katta ishlar olib borilmoqda. Xususan, Toshkent shahrining Olmazor tumanida muhtasham “G'alaba bog'i” bunyod etilmoqda.

Bir so'z bilan aytganda, yurtimizda Xotira va qadrlash kuni hamda G'alabaning 75 yilligini har tomonlama munosib va yuqori saviyada nishonlash uchun puxta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

M.V.Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetida 29 yanvargacha davom etadigan mazkur anjuman Rossiya xalqaro huquq assotsiatsiyasining 63-yig'ilishi hisoblanadi. Unda rossiyalik va xorijlik taniqli huquqshunos olimlar, xalqaro huquq sohasining nufuzli ekspertlari qatnashmoqda.

Akademik A.Saidov anjumandagi tabrik so'zida Ikkinchi jahon urushidan keyin o'rnatilgan xalqaro huquqiy taribot yer yuzidagi tinchlik va xavfsizlikning mustahkam tagzamini hisoblanuvchi global yuridik majburiyatlarga asoslanganini qayd etdi. Xuddi shu negizda xalqaro huquqning zamonaviy arxitekturasiga asos solindi. Xususan, BMT tashkil etildi, bebaho umumjahon qadriyatlar sifatida dunyodagi barcha davlatlar tomonidan e'tirof etiladigan xalqaro huquqning asosiy printsiplari yaratildi.

Buyuk G'alabaga 75 yil to'ladigan joriy yilda nishonlanadigan muhim sanalar ko'p. BMT tashkil topganining 75 yilligi, YEXHTning 45 yilligi, Sud organlari mustaqilligi printsiplarining 35 yilligi, Ayollarning ahvoli bo'yicha Pekin Butunjahon konferentsiyasining 25 yilligi, “BMT-ayollar” tuzilmasining 10 yilligi shular qatoriga kiradi.

O'zbekiston ushbu muhim sanalarni nishonalashda faol ishtirok etishi bilan bir qatorda, joriy yilda MDHga raislik ham qiladi. Mamlakatimizda “BMT-75” tashabbusi doirasida keng qamrovli tadbirlar tashkil etiladi. May oyida yoshlar huquqlariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini o'tkazish rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o'rtasida barcha sohalar qatori inson huquqlari bo'yicha hamkorlik aloqalari ham izchil rivojlanmoqda. Har ikki mamlakat vakillari turli xalqaro forumlarda faol ishtirok etayotgani, o'zaro hamkorlikda O'zbekiston-Rossiya yuridik forumi o'tkazilgani ham buni tasdiqlaydi.

2019 yil yanvar oyida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari vakili o'rtasidagi hamkorlik to'g'risida memorandum imzolangan. O'tgan yilning aprel oyida xuddi shunday Memorandum Markaz bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish bo'yicha kengash o'rtasida tasdiqlangan.

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech