«Volontyorlik faoliyati to'g'risida»gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Qonunga muvofiq, volontyorlik faoliyati – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko'zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, jamoat uchun foydali bo'lgan ixtiyoriy faoliyat hisoblanadi.
Volontyorlik faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
yakka tartibdagi volontyorlik faoliyati;
volontyorlar guruhi tarkibidagi volontyorlik faoliyati;
volontyorlik tashkiloti orqali volontyorlik faoliyati.
Kam ta'minlanganlarni, ishsizlarni, ko'p bolalilarni va boshqa shu kabi shaxslarni qo'llab-quvvatlash maqsadida yordam ko'rsatish volontyorlik faoliyatini amalga oshirish yo'nalishlaridan biridir.
18 yoshga to'lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Volontyorlik volontyor va volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi o'rtasida yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi, agar u volontyorlik faoliyati bilan oyiga 20 soatdan ko'proq band bo'lsa, volontyor bilan volontyorlik shartnomasini tuzishi shart.
Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi volontyorga maxsus kiyim-bosh beradi hamda volontyorlik aktsiyasi o'tkazilayotgan joyga kelib ketishi uchun yo'l haqi, yashash, ovqatlanish va boshqa xarajatlarining o'rnini qoplaydi.
Ma'lumot uchun: “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi qonun davlatimiz rahbari tashabbusidir. Uni ishlab chiqish va qabul qilish vazifasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 mayda imzolangan “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida belgilangan.
Mamlakatimizda “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi qonunni ishlab chiqishdan ko'zlangan maqsad – volontyorlar faoliyatini amalga oshirish bilan bog'liq munosabatlarni tartibga solishdir.
Akademik Akmal Saidovning fikricha, yangi Qonun quyidagi masalalarni hal qilish imkoniyatini beradi:
birinchidan, volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga soladi;
ikkinchidan, volontyorlik faoliyati to'g'risida yagona qonuniy tushunchalar majmuini shakllantiradi;
uchinchidan, volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartib-tamoyillarini belgilaydi;
to'rtinchidan, volontyorlik faoliyati yanada faollashishini rag'batlantiradi;
beshinchidan, volontyorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qo'shimcha kafolatlar yaratadi;
oltinchidan, davlat organlarining va fuqarolik jamiyati institutlarining volontyorlar bilan hamkorligining usullari va shakllarini aniqlaydi.
Qolaversa, ushbu Qonun nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirish, O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, volontyorlar faoliyatini zamon talablari asosida samarali yo'lga qo'yishga qaratilgandir. U demokratik islohotlar natijadorligini ta'minlash va volontyorlar xizmatidan foydalanishning eng samarali mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
*foto internetdan olindi
- Qo'shildi: 04.12.2019
- Ko'rishlar: 6327
- Chop etish