Tokio: Soko Universitetidagi muloqotlar

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi arafasida milliy parlament a'zolari, davlat tashkilotlari rahbarlari va fuqarolik jamiyati institutlari faollaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi ushbu mamlakatda bo'lib turibdi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari kunchiqar yurtdagi turli muloqot va tadbirlarda ishtirok etmoqda. Shunday uchrashuvlardan biri 12 dekabr` kuni Yaponiyaning mashhur Soko universiteti Rektori bilan bo'lib o'tdi.

“Universitet jamoasi bizni katta tayyorgarliklar ko'rgan holda, juda iliq va samimiy kutib oldi”, deb deb yozdi uchrashuvda ishtirok etgan delegatsiyamiz a'zosi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov o'zining “Facebook”dagi sahifasida. “Dastlab Universitet hududining markazida o'zbek xalqiga chuqur hurmat ifodasi sifatida qad rostlagan buyuk mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambar qo'ydik. Bu marosim ham yuqori darajada tashkil etilibdi, unda 20 nafardan ortiq olimlar, professor-o'qituvchilar ishtirok etishdi”.

Muloqot chog'ida Universitet vakillari yurtimizning boy madaniy merosi, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo'shgan salmoqli hissasini e'tirof etdilar. Dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan o'rin olishga intilayotgan bugungi O'zbekistondagi keng ko'lamli islohotlar haqida ko'plab ijobiy fikrlar bildirildi.

Uchrashuvda ikki mamlakatning ta'lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari haqida o'zaro fikr almashildi. Bu boradagi aloqalarni mustahkamlash va yanada takomillashtirish to'g'risida atroflicha so'z yuritildi.

O'zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi davom etmoqda. Delegatsiya tarkibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Qo'mitasi raisi, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ham bor.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

(Suratlar E.Tulyakovning “Facebook”dagi sahifasidan)

Powered by GSpeech