TOSHKENT, 30-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb 29-oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga keldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekiston va Finlyandiya o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar o'ttiz yildan ortiq tarixga ega bo'lib, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan ko'p o'tmay yo'lga qo'yilgan.
Xususan, Finlyandiya O'zbekiston Respublikasining mustaqilligini 1991-yil 30-dekabrda tan oldi va diplomatik munosabatlar 1992-yil 26-fevralda o'rnatildi. Biroq, uzoq vaqt davomida ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro munosabatlar hech qanday aniq sur'atlarsiz rivojlandi. Bugungi kunda esa biz yangi bosqichning boshlanishi haqida ishonch bilan gapirishimiz mumkin. Bu davr ruhi va ikki mamlakat manfaatlariga mos keladigan mazmunli, pragmatik va istiqbolli hamkorlik bosqichi.
O'zbekiston-Finlyandiya munosabatlarining hozirgi bosqichi siyosiy aloqalarning mustahkalanishi va har ikki tomonning o'zaro munosabatlarni barqaror va tizimli ravishda rivojlantirishga intilishi bilan tavsiflanadi. O'zbekistonning munosabatlarni diversifikatsiya qilish, o'zaro tushunishni mustahkamlash va Yevropa mamlakatlari bilan sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan faol tashqi siyosati bu jarayonda muhim rol o'ynadi.
So'nggi yillarda bir qator o'zaro tashriflar hamda oliy va yuqori darajalarda uchrashuvlar bo'lib o'tdi. Xususan, 2024-yil noyabr oyida Bokuda bo'lib o'tgan COR29 iqlim konferensiyasi doirasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashdi. Suhbat davomida tomonlar turli sohalarda muloqotni rivojlantirish va qo'shma loyihalarni amalga oshirishdan o'zaro manfaatdor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o'rtasida o'tkazilayotgan maslahatlashuvlar, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilinmoqda.
2020 yildan beri rivojlanib kelayotgan parlamentlararo aloqalar ham ishonch va o'zaro tushunish muhitini yaratishga hissa qo'shayapti.
Xalqaro maydonda rasmiy Toshkent va Xelsinkining pozitsiyalari o'xshash. Har ikki mamlakat ko'p tomonlama muloqotni mustahkamlash, mojarolarni tinch yo'l bilan hal qilish va barqaror rivojlanishda hamfikrdir. Finlyandiya O'zbekistonning BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi tashabbuslarini ham faol qo'llab-quvvatlab kelmoqda, bu o'zaro ishonchning yuqori darajasini aks ettiradi.
So'nggi yillarda O'zbekiston va Finlyandiya o'rtasidagi iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashdi. Hozirda mamlakatimizda mashinasozlik, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, telekommunikatsiya, toza texnologiyalar va agrosanoat sohalarida faoliyat yurituvchi Finlyandiya kapitali ishtirokidagi 13 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Masalan, 2017-yilda Finlyandiyaning tashqi iqtisodiy aloqalar bo'yicha davlat kotibi o'rinbosari Markus Koyvunen boshchiligidagi biznes delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibidan O'zbekistonda qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirgan to'qqizta yirik Finlyandiya kompaniyasi vakillari o'rin oldi.
Finlyandiya Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini qo'llab-quvvatlovchi mintaqaviy tashabbuslarda ham faol ishtirok etayotir. Jumladan, Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi O'zbekiston kabi mintaqa mamlakatlarida ekologiya, suv resurslari va meteorologiya sohalaridagi loyihalarni moliyalashtiradi. Ushbu tashabbuslar "yashil" iqtisodiyot va innovatsiya sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Tashqi iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish va ilg'or texnologiyalarni jalb qilishga intilayotgan O'zbekiston uchun Finlyandiya yo'nalishi katta salohiyatga ega. Finlyandiya Yevropadagi eng innovatsion va texnologik jihatdan rivojlangan davlatlardan biri sifatida tanilgan, O'zbekiston esa Markaziy Osiyoda boy inson va tabiiy resurslarga ega tez rivojlanayotgan iqtisodiyotdir. Ushbu omillarning uyg'unligi sanoat, energetika, raqamlashtirish va barqaror rivojlanish sohalarida o'zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Madaniy va ta'lim sohalaridagi hamkorlikning rivojlanishi O'zbekiston-Finlyandiya munosabatlarida alohida o'rin tutadi. 2022 yil sentyabr oyida Toshkentda Finlyandiyaning "Nordic University" filiali ochildi. Mazkur universitet moliya, xalqaro munosabatlar va axborot texnologiyalari sohalarida mutaxassislar tayyorlash uchun muhim platformaga aylandi.
Rasmiy Toshkent va Finlyandiya universitetlari o'rtasida faol akademik hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Masalan, Toshkent davlat stomatologiya universiteti Yyuvyaskyul amaliy fanlar universiteti bilan qo'shma magistratura dasturlarini amalga oshiryapti va Turku nomidagi Skandinaviya menejment universiteti esa o'zbekistonlik sheriklar bilan menejment va innovatsiyalar sohasidagi loyihalar bo'yicha hamkorlik qiladi.
Bundan tashqari, Finlyandiya mutaxassislari ko'magida O'zbekistonda maktablarda inklyuziv ta'lim, pedagogika va raqamli texnologiyalar bo'yicha treninglar va seminarlar o'tkazilmoqda. Bu tajriba almashish va ta'lim standartlarini yaxshilashga, ikki mamlakat xalqlari o'rtasida o'zaro tushunishni mustahkamlashga yordam beryapti.
O'zbekiston va Finlyandiya o'rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi mamlakatimiz va Shimoliy Yevropa davlatlari o'rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning umumiy tendensiyasini aks ettiradi. Muloqot ilgari kamdan-kam hollarda bo'lgan bo'lsa-da, hozirda u siyosat va iqtisodiyotdan tortib ta'lim va madaniyatgacha bo'lgan keng qamrovli sohalarni qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
Ikkala mamlakat ham o'z mintaqalarida, xususan, O'zbekiston Markaziy Osiyo markazi o'laroq, Finlyandiya esa Yevropa va Arktika tashabbuslarida faol ishtirokchi sifatida muhim o'rin egallaydi. Mazkur davlatlarning ikki tomonlama hamkorligi jadal rivojlanayotgan ikki mintaqa o'rtasida ko'prik vazifasini bajaradi hamda tinchlik, o'zaro tushunish va barqaror taraqqqiyotni rag'batlantiradi.
So'nggi so'z o'rnida aytish mumkinki, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbning O'zbekistonga bo'lajak rasmiy tashrifi yangi bosqichga qadam qo'yayotgan o'zbek-fin munosabatlarini rivojlantirishda muhim palla bo'ladi. O'zaro manfaatdorlik, pragmatik yondashuv va umumiy qadriyatlar ikki mamlakat va xalqlarimiz manfaatlariga javob beradigan sheriklikni yanada kengaytirish uchun ishonchli asos yaratadi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
- Qo'shildi: 30.10.2025
- Ko'rishlar: 230
- Chop etish
 Ўзбекча
 Ўзбекча English
 English Русский
 Русский 
                                