O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 28 yanvar kuni Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengash raisi Valeriy Fadeev bilan uchrashdi.
Muloqot chog'ida Markaz bilan mazkur Kengash o'rtasidagi hamkorlikning imkoniyatlari va istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar 2019 yili Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengash o'rtasida tasdiqlangan hamkorlik to'g'risidagi memorandum bu borada yangi hamda samarali qadamlarni qo'yish uchun mustahkam zamin bo'lishini ta'kidladilar.
Shu kunlarda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo'yilgan. Loyihaga muvofiq, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlanadi.
Xususan, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o'rtasida o'zaro yaqin hamkorlik o'rnatish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish ko'zda tutilmoqda. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirish sohasidagi xizmatlar uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida taqdim qilinadigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” Milliy mukofotini ta'sis etish mo'ljallanmoqda.
Bu borada Rossiya tomonining amaliy tajribasi foydali ekani haqida fikr yuritildi. Binobarin V.Fadeev 2005 yilda Rossiya Federatsiyasi Jamoatchilik palatasini tashkil etish ishlarining boshida turgan. U, shuningdek, 2017-2019 yillarda ushbu Palataning kotibi lavozimida ishlagan.
Ma'lumki, 2020 yilda Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi o'tkaziladi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengash raisi ushbu xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun taklif etildi.
Ma'lumot uchun: Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo'yicha kengash Rossiya davlat rahbari huzurida faoliyat olib boradigan maslahatlashuv organi hisoblanadi. Kengashning tashkil topish tarixi Rossiya Birinchi Prezidentining 1993 yil 26 sentyabrdagi Farmoni bilan bog'liq.
Kengash raisi – taniqli jurnalist, teleboshlovchi va jamoat arbobi Valeriy Aleksandrovich Fadeev Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi hamdir. U 1960 yili Toshkentda tug'ilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.01.2020
- Ko'rishlar: 4477
- Chop etish