Muhtasham stadion va mo‘’jizakor favvora Yangi Toshkentning me’moriy durdonalari qatorida bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda barpo etilishi rejalashtirilayotgan yangi ob’ektlar loyihalari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari dastlab bu yerda barpo etilayotgan yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadionining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Ushbu zamonaviy sport majmuasiga o‘tgan yilning 11-noyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan tamal toshi qo‘yilgan edi.
Ayni paytda o‘yingoh qurilishi jadal davom etmoqda. Jumladan, yerni tekislash ishlari to‘liq yakunlangan. Poydevor quyish ishlari to‘qson besh foizga bajarilgan. Qurilish joyiga metall-konstruksiya materiallari bosqichma-bosqich keltirilmoqda.
Qayd etish kerak, keyingi yillar mamlakatimiz futbol sohasida tub burilish davri bo‘ldi. Jumladan, mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va o‘smirlar akademiyalari tashkil etildi, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini-stadion faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ma’lumki, 2017-yilda yurtimizda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta bo‘lgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi.
Shuningdek, 1,5 mingta maktabning futbol stadionlari ta’mirlanib, 1 milliondan ziyod o‘quvchi va mahalla yoshlari qamrab olindi. Yoshlar o‘rtasida mahalla, tuman, viloyat va respublika turnirlarini an’anaviy o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini bera boshladi.
Futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoamiz Parijdagi olimpiadada ilk bor ishtirok etdi. Tariximizda birinchi marotaba milliy terma jamoamiz joriy yilda bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
O‘tgan yilning 2-oktabr kuni FIFA Kengashi yig‘ilishida futbol bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida 2027-yildagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ushbu jahon chempionati doirasidagi o‘yinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda o‘tkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final o‘yinlari sig‘imi 50 mingdan ko‘p bo‘lgan stadionda o‘tkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni shu maqsadda qurilmoqda. Qiymati 100 million dollarlik ushbu o‘yingoh qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilg‘or g‘oyalar markaziga aylanadi.
Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etilmoqda. Majmua Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri bo‘ladi.
Mazkur inshoot nafaqat 2027-yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun o‘zbek futboli va yoshlar sportining kelgusi rivoji uchun xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbariga qurilish jarayoni haqida batafsil ma’lumot berildi.
55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan Yangi Toshkent stadioni 6 qavatli bo‘ladi, unda nafaqat sportchilar, balki tashrif buyuruvchilar va matbuot xodimlari uchun ham keng qulayliklar yaratiladi. Tomoshabinlar stadionga tez fursatda kirib-chiqishlari uchun o‘ndan ortiq eskalator o‘rnatiladi. Hududda yana qo‘shimcha 3 ta mashg‘ulot maydoni bo‘ladi. Stadion yaqinida metro bekati barpo etiladi. 5 ming 500 o‘rinli avtoturargoh quriladi.
Prezidentimiz bunday katta sig‘imli yopiq stadion mamlakatimizda ilk bor bunyod etilayotgani uchun har bir jihatga ahamiyat berish zarurligini ta’kidladi. Stadion atrofini obodonlashtirish ishlarini hozirdan rejalashtirib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi zarurligi qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan favvora majmuasi loyihasi bilan ham tanishdi.
Mamlakatimizda aholi uchun zamonaviy jamoat makonlari, ko‘ngilochar va madaniy hordiq maskanlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi loyihalar shaharlar qiyofasini boyitish, aholi uchun qulay dam olish muhitini yaratish, shuningdek, mahalliy va xorijiy mehmonlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Yangi Toshkentda qariyb 8 gektardan iborat maydonda musiqali favvora majmuasi barpo etish rejalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra, suv yuzasining umumiy maydoni 6,3 gektarni tashkil etadigan havzada 1,5 gektar maydonda suv, musiqa va yorug‘lik uyg‘unligidagi shoularni o‘tkazish imkonini beradigan favvora barpo etiladi. Majmua tarkibida suvni 232 metr balandlikkacha ota oladigan super favvora, diametri 100 metrli suzuvchi platforma bo‘ladi.
Favvora radiusi 185 metr bo‘lgan, 360 darajali suv ekranini hosil qilish hamda uning yuzasida turli tasvirlarni proyeksiya qilishga qodir bo‘ladi.
Shuningdek, yuqori quvvatli lazer nurlari, dinamik suv kompozitsiyalari va turli vizual effektlardan foydalanish rejalashtirilgan. Nasos, elektr, lazerli proyeksiya va boshqa texnik tizimlar yer ostidagi ikki qavatli inshootda joylashtiriladi.
Suv havzasi atrofida yashil hududlar hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu majmua Yangi Toshkentning eng diqqatga sazovor joylaridan biriga aylanishi, shaharning me’moriy qiyofasini boyitishi va turli madaniy tadbirlar, bayram hamda festivallar uchun yana bir zamonaviy maskan bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihaning mazmun-mohiyati, texnik yechimlari va hududni kompleks obodonlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy savdo, ovqatlanish va servis xizmatlarini sifatli tashkil etish muhimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, ayni hududda joriy yilgi Mustaqillik bayrami munosabati bilan shou tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk ipak yo‘li” loyihasi taqdimot qilindi.
Ma’lumki, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq ro‘yobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.
Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk ipak yo‘li” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri bo‘lishi rejalashtirilgan. Bu yerda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari, shuningdek, boshqa zamonaviy infratuzilma ob’ektlari quriladi.
Konsepsiyaga ko‘ra, majmua hududida Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Buyuk ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlarni ifodalaydi.
Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu yerda har bir bino, har bir ko‘cha va maydon orqali xalqimizning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettirish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimizning boy tarixiy merosini yanada keng namoyon etish, ajdodlarimizning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik sohalaridagi yutuqlarini yosh avlodga yetkazish, shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, unda “Yangi O‘zbekistonda Imom Moturidiy merosiga e’tibor”, “Imom Moturidiy hayoti” kabi mavzuli zallar va moturidiylik ta’limotiga bag‘ishlangan bo‘limlar joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini mazmunan boyitish, ayniqsa, “Yetti pir” zalida ulug‘ allomalar hayoti va merosini zamonaviy shaklda keng yoritish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Bundan tashqari, Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik va dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish rejasi haqida ham axborot berildi. Unda ekspozitsiya zallarini qayta shakllantirish va tashrif buyuruvchilarga yuqori darajadagi vizual va ma’rifiy tajribani taklif etish ko‘zda tutilgan. Har bir zal alohida tarixiy davr va mavzuga bag‘ishlanadi.
Taqdimot qilingan loyihalarning umumiy maqsadi milliy tariximizni ilmiy asosda chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va mamlakatimizga keluvchi mehmonlar uchun jozibador turizm makonlarini yaratishdan iborat.
Loyihalar davlatimiz rahbari tomonidan ma’qullandi, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Abdulaziz RUSTAMOV,
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA muxbirlari
Ўзбекча
English
Русский