Inson huquqlari bo'yicha kviz: kim zukko va bilimdon?

Kviz – bu viktorina, savol-javoblarga asoslangan musobaqa, ta'bir joiz bo'lsa, tafakkur bahsidir. Joriy yil 6 dekabrda poytaxtimizdagi “Yoshlar ijodiyoti saroyi”da oliy ta'lim muassasalari, shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati va Yoshlar ittifoqining zukko vakillaridan iborat jamoalar o'rtasida inson huquqlari bo'yicha kviz bo'lib o'tdi.

Ushbu tadbir O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi va Xalqaro inson huquqlari kuniga bag'ishlandi. Musobaqalar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi va O'zbekiston Yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etildi.

Ma'lumki, BMT Bosh Assambleyasi 1948 yil 10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilgan. Keyinchalik ushbu sanani Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlash an'anasi joriy etilgan.

Mamlakatimizda har yili 8 dekabr` – Konstitutsiya qabul qilingan kun va 10 dekabr` – Xalqaro inson huquqlari kuni keng nishonlanadi. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 mayda qabul qiligan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar dasturi to'g'risida”gi farmoni ijrosi doirasida ko'plab muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Bu yilgi yangicha tadbir, ya'ni inson huquqlari bo'yicha kvizning maqsadi – yoshlar, jumladan talabalarning xalqaro, mintaqaviy va milliy darajadagi inson huquqlari sohasiga oid huquqiy bilimlarini oshirishdan iborat.

Tadbirda Toshkent Davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Xalqaro Vestmintster universiteti, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti talaba-yoshlari “Eng ilg'or Universitet” nomini olish uchun bellashdilar.

Shuningdek, “Yuksalish” umummilliy harakati, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi navqiron vakillaridan iborat jamoalar ham inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi o'z bilim va ko'nikmalarini sinab ko'rish uchun maydonga tushdilar.

Tafakkur bahsining har bir bosqichida jamoalar vakillari xalqaro shartnomalar va milliy qonunlarda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklari to'g'risidagi huquqiy normalardan nechog'lik xabardorliklarini istotlash imkonini qo'ldan bermaslikka intildi.

Shu bilan birga, yoshlar adabiy-badiiy asarlar, xalq og'zaki ijodiyoti namunalarida inson huquqlariga oid bilimlar qanday aks etgani bilan bog'liq birmuncha murakkab, fikriy-ijodiy topqirlikni talab qiladigan bahslar bo'yicha ham o'z salohiyatlarini namoyish etdilar.

Musobaqada Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti jamoasi – 1-o'rinni, Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti jamoasi 2-o'rinni, Toshkent Davlat yuridik universiteti jamoasi 3-o'rinni egalladi. G'oliblar va barcha ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan sovg'alar bilan taqdirlandilar.

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech