Joriy yilda bo'lib o'tadigan saylovlar yangi islohotlar davrida, erkin fikrlar fonida qizg'in o'tishi kutilmoqda. Saylovlarning ochiq, shaffof, demokratik tamoyillarga mos tarzda o'tishini esa ommaviy axborot vositalarining ishtirokisiz tasavvur etib bo'lmaydi.
Ommaviy axborot vositalari – eng tezkor, hozirjavob va haqqoniy nazoratchi. Albatta, ularga yetarli sharoit yaratib berilsa va huquqlari ta'minlansa shu darajaga erishadi. Saylovda jurnalistlar uchun barcha zarur imkoniyatlar ta'minlanishi saylovning haqqoniy o'tishida muhim o'rin tutadi.
Tahlillarga ko'ra, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining saylovoldi tashviqoti, saylov jarayoni va natijalarini yoritish va so'z erkinligini ta'minlashda yetarli imkoniyatlar yaratilgan. Konstitutsiyamizning 67-moddasiga muvofiq, ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to'g'riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Senzuraga yo'l qo'yilmaydi.
Ommaviy axborot vositalari saylovlarda erkin, hech bir to'siqsiz ishtirok etadi. Saylov kodeksining 8-moddasiga ko'ra, ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday o'tayotganligini yoritib boradi.
Saylov komissiyalarining majlislari ochiq o'tkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi yoki ushbu kodeksda belgilangan tartibda hammaga ma'lum qilinadi.
Saylovga tayyorgarlik ko'rish hamda uni o'tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko'rsatgan siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.
Qonunchilikka muvofiq, saylov komissiyasining majlislarida siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalari vakillari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar hozir bo'lishi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalarning, fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlarning, xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari uchun mandat namunasini belgilaydi.
Saylov kodeksining 35-moddasiga muvofiq, ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hozir bo'lish, shu jumladan, ovozlarni sanab chiqish chog'ida hozir bo'lish huquqiga ega.
Ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan bo'lishi kerak.
Boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan o'tkazadi.
Ushbu me'yorni amalda ta'minlash maqsadida ayni paytda saylov komissiyalari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o'tkazilmoqda. E'tiborli jihati, bunda barcha murojaat qiluvchilarning so'rovi inobatga olinmoqda.
Kodeksning 46-moddasiga ko'ra, tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko'ra bir xil bo'lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo'li bilan teng sharoitlar ta'minlanadi.
Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Nodavlat ommaviy axborot vositalarida qonun hujjatlariga muvofiq efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to'lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo'lishi kerak.
Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikka muvofiq, ommaviy axborot vositalari vakillariga saylov jarayonini kuzatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Amaliyotda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar erkin faoliyat ko'rsatadi. Ma'lumotlarni olish, tarqatishda hech bir to'siqlar mavjud emas.
Saylovga tayyorgarlik ko'rish hamda uni o'tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadi.
Saylov komissiyasining majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillarining hozir bo'lishi uchun sharoit yaratilgan. Saylov natijalari ham ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida, ular orqali e'lon qilinadi.
Axborot vositalari orqali fikrlar xilma-xilligi ifoda etilgan haqiqiy siyosiy bahs-munozaralarni olib borish uchun barcha sharoitlar ta'minlab berilgan.
Tashviqot tadbirlari davomida nomzodlar yoki ularning vakolatli vakillari o'rtasida oshkor bahs-munozaralar o'tkazish uchun sharoitlar yaratilgan.
Saylovlar haqida ommaviy axborot vositalari, televidenie, radio, gazeta, jurnallar, Internet veb-saytlari va bloglar orqali erkin fikr bildirish, turli axborotlar tarqatilishi uchun hech qanday to'siq yo'q.
OAV materiallari asosida tayyorlandi
- Qo'shildi: 05.11.2019
- Ko'rishlar: 5452
- Chop etish