Joriy yilning 7-8 oktyabr kunlari poytaxtimiz Toshkent Islom hamkorlik tashkilotining nufuzli xalqaro anjumaniga mezbonlik qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Hukumati, Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi (IHMDK) va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi (IHOKB) bilan hamkorlikda tashkil etiladigan mazkur seminar “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzuida bo'lib o'tadi.
Seminar davomida yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularni rag'batlantirish uchun xizmat qiladigan mavjud xalqaro va mintaqaviy vositalarning qo'llanilish sohasini ob'ektiv tahlil etiladi.
Shuningdek, anjuman ishida IHTga a'zo davlatlarda yoshlar o'z huquqlaridan to'liq foydalanishi uchun duch kelayotgan muammolarni ajratib olish, yoshlarga taalluqli joriy siyosat va dasturlar ta'sirini o'rganish, barcha davlat strategiyalarida yoshlar huquqlarini hisobga olish bo'yicha huquqiy, ma'muriy va siyosiy doiralar faoliyatini aniq tavsiyalar bilan yaxshilash uchun yo'l hamda vositalarni taklif etish kabi maqsadlarga erishish ko'zda tutilgan.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi har yili muayyan dolzarb mavzu doirasida xalqaro seminar tashkil etadi. Toshkentda bo'lib o'tadigan Yillik 6-seminar mavzusi ham nihoyatda ahamiyatli.
Birinchidan, yoshlar huquqlari masalasida qabul qilingan xalqaro hujjatlar yetarli emas. Aytish o'rinliki, O'zbekiston hukumati ushbu muammoga xalqaro hamjamiyat e'tiborini birinchilardan bo'lib qaratdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish bo'yicha xalqaro tashabbusni ilgari surdi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatda globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari o'z mujassamini topadi.
Demak, IHTning ushbu seminari keyinchalik qabul qilinadigan xalqaro me'yoriy hujjatlar uchun poydevor bo'lib xizmat qiladi.
Ikkinchidan, hozirda IHTga a'zo davlatlar aholisining ko'p qismini yoshlar tashkil etadi. Sotsiologlar 2050 yilga borib jahondagi yoshlarning uchdan bir qismi IHT mamlakatlarida yashashi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Yoshlar IHTga a'zo davlatlar uchun salmoqli demografik salohiyat hisoblanadi. Sanoatda, innovatsion rivojlanishda bundan samarali foydalanish mumkin. Shu bilan birga, bu holat muayyan muammolarni ham yuzaga keltiradi.
Sifatli ta'lim berish, yetarlicha ish joylari yaratish hamda ta'lim olgandan so'ng mehnat bozoriga kirishni yengillashtirish, erkaklar va ayollar uchun mehnat bozorida keng imkoniyatlar shakllantirish, turmush darajasini oshirish uchun avlodlar o'rtasidagi ijtimoiy mobillikka ko'maklashish, yoshlarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishini hamda ularning zararli moddalarga bog'liqligini kamaytirish kabi muammolar shular jumlasidandir.
Uchinchidan, tadqiqotlar IHTga a'zo ko'pchilik mamlakatlarda yoshlarning salmoqli qismi faol emasligini, ular siyosiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etish va siyosiy qarorlarni amalga oshirish bilan bog'liq jarayonlardan chetda qolayotganini ko'rsatmoqda. Bu, o'z navbatida, musulmon yoshlarining integratsiyalashishiga, ular salohiyatidan unumli foydalanishga ko'proq e'tibor qaratishni taqozo etadi.
Bu maqsadga “yoshlar muammolarini hal etish” bilangina emas, “yoshlar huquqlarini ta'minlash” bilan erishish mumkin. Bunday yondashuv orqali, birinchidan, yoshlar huquqlari ta'minlanadi, ikkinchidan, tinch-totuv, demokratik jamiyatlarni barpo etish va barqaror rivojlanishni ta'minlashda yoshlar salohiyatidan samarali foydalaniladi.
Seminarda shu kabi muammolar atroflicha o'rganilib, yakunda milliy, mintaqaviy va global darjalarda turli manfaatdor tomonlar uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, yakunlovchi hujjat IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasida taqdim etiladi.
IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari, BMT, YUNESKO, YUNISEF, Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Yevropa Kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning ekspertlari qatnashadi. Bundan tashqari IHTga a'zo va kuzatuvchi maqomidagi 50 dan ortiq davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etadi.
Ushbu xalqaro seminarning biz uchun yana bir e'tiborli jihati shundaki, anjuman sababli dunyo hamjamiyatining e'tibori yana bir bor jannatmakon yurtimizga qaratiladi. Bu, o'z navbatida, O'zbekistonning xalqaro imijini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Azizbek RAMAZONOV, jurnalist
- Qo'shildi: 05.10.2019
- Ko'rishlar: 5893
- Chop etish