O'zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlab «Yangi O'zbekiston» kitob-al`bomi chop etildi. Asar o'zbek (kirill va lotin alifbosida), rus va ingliz tillarida o'ziga xos dizayn va yuqori poligrafik sifatda nashr etilgan. Unda istiqlol yillarida, ayniqsa, keyingi besh yilda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo'lida amalga oshirilgan va oshirilayotgan ulkan ishlar haqida hikoya qilinadi.
Eng muhimi, yangi nashr o'zining “Yangi O'zbekiston” degan jarangdor nomiga har tomonlama mos va munosib. Shu o'rinda kitobning nomlanishiga yana bir bor e'tibor qaratish maqsadga muvofiq, deb o'ylaymiz.
Bu haqda so'z borganda, avvalambor, xalqaro tajribada jahon siyosiy leksikonini (atamashunosligini) yangi tushunchalar bilan boyitadigan davlat va jamoat arboblari kam topilishini ta'kidlash lozim. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Yangi O'zbekiston” tushunchasini dunyo siyosati lug'atiga kiritgani beqiyos ahamiyatga ega.
Yangi O'zbekiston – bu ibora Millat Sardori ilgari surgan va bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu g'oyadir. Bu g'oya zamirida:
bir tomondan, bugungi va ertangi avlodlarimizning “Uchinchi Renessans” poydevorini qo'yishdek ezgu maqsad-muddaolari;
ikkinchi tomondan, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uyg'onish davrlariga asos solgan ulug' ajdodlarimiz, alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari;
uchinchi tomondan, bunyodkorlik, yaratuvchanlik, har doim o'qish va izlanishga da'vat o'z mujassamini topgan.
“Yangi O'zbekiston” kitob-al`bomining “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat” deb nomlangan alohida bobidagi muxtasar kirish so'zida ayni shu haqda so'z borgan. Mazmunli va rang-barang fotosuratlarda O'zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari nechog'lik ta'minlanayotgani o'zining yaqqol ifodasini topgan.
O'zbekiston ilk bor 2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga saylandi va shu yil 1 yanvaridan a'zolik maqomidagi vazifalarini faol bajarishga kirishdi.
Endilikda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu nufuzli xalqaro tashkilotning oliy minbaridan turib o'zbek tilida ilgari surgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng qo'llab-quvvatlangan milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslari izchillik bilan ro'yobga chiqarilmoqda.
Keyingi yillarda BMT, YXHT, Yevropa Ittifoqi, Parlamentlararo Ittifoq, shuningdek Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT, MDH kabi ko'plab xalqaro tashkilotlar va jahonning deyarli barcha davlatlari bilan o'zaro hamkorlik munosabatlarimiz yuksak pog'onaga ko'tarildi. Bu o'tgan tarixan qisqa davrda yurtimizning jahon miqyosidagi siyosiy o'rni va obro'-e'tibori keskin oshganidan dalolat beradi.
Dunyoda Yangi O'zbekistonga nisbatan qiziqish, intilish va ishonch ruhi, mamlakatimiz bilan hamkorlikka erishishga rag'bat tamoyillari kuchaydi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, O'zbekiston Prezidentiga xalqaro hamjamiyatning ishonchi juda yuqori va bu ishonch tobora ortib hamda mustahkamlanib bormoqda.
Yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasida, koronavirus sharoitiga qaramay, 40 dan ortiq davlatdan 150 dan ziyod vakil ishtirok etgani hamda o'ndan ortiq nufuzli tashkilotning rahbarlari onlayn tarzda faol qatnashgani bu fikrimizning yana bir isbotidir.
Bu yutuqlarning barchasiga, albatta, bundan 30 yil oldin xalqimiz qo'lga kiritgan asosiy huquqimiz – Mustaqillik tufayli erishmoqdamiz. Binobarin, bundan o'ttiz yil oldin mustaqillik shu ozod yurtda yashaydigan har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining to'la ta'minlanishi kafolati bo'lib maydonga chiqdi.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Yangi O'zbekiston – demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umume'tirof etilgan norma va printsiplarga qat'iy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan do'stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo'lgan davlatdir”.
Muxtasar aytganda, bir tomondan, Yangi O'zbekiston jahon siyosatining faol a'zosiga aylangan bo'lsa, ikkinchi tomondan, inson huquqlarini ta'minlash sohasida bemisl samaralarga erishmoqda. Keyingi besh yilda O'zbekiston davlati nafaqat dunyoga, balki xalqimizga ham keng ochildi.
Ya'ni, davlat tashkilotlari va mansabdor shaxslar oddiy odamlar tomon yuz burdi. Natijada yurtdoshlarimiz bevosita guvohi bo'layotgan afv etish, “qora ro'yxat”dan chiqarish, fuqarolik berish, “propiska”ni bekor qilish kabi ko'plab yangiliklar misolida inson huquqlari ro'yobini amalda ko'rmoqdalar.
Kitob-al`bomning “O'ttiz yillik murakkab va sharafli yo'l”, “Yangi O'zbekiston – milliy taraqqiyotning yangi bosqichi”, “Davlat idoralari xalqimizga xizmat qilmoqda”, “Innovatsion asosda qayta qurilayotgan iqtisodiyot”, “Yangi O'zbekistonni azmu shijoatli yoshlarimiz bilan birgalikda quramiz”, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir”, – “Ma'naviyat – Yangi O'zbekiston poydevori”, “O'zbekiston va jahon” sarlavhalari bilan nomlangan boshqa barcha boblari ham kitobxonni befarq qoldirmaydigan yorqin fotolavhalar bilan bezatilgan.
Yangi O'zbekiston me'mori va tashabbuskori hisoblanuvchi Prezidentimizning so'zlari bilan aytganda: “Yangi O'zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub'ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo'lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy vaziyatning o'zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to'la javob beradigan ob'ektiv zaruratdir”.
Shu ma'noda, bundan besh yil oldin qabul qilingan Harakatlar strategiyasida o'z oldimizga Yangi O'zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek buyuk vazifalarni strategik maqsad qilib qo'yganimiz bejiz emas. Yangi kitob-al`bom biz intilayotgan ezgu g'oya tufayli hayotimizning turli sohalarida qo'lga kiritilayotgan yuksak samaralarning o'ziga xos tasviriy-hujjatli tasdig'idir.
Xulosa qilib aytganda, “Yangi O'zbekiston” kitob-al`bomi el-yurtimizning ulug' to'yi – Istiqlolimizning 30 yilligiga munosib va mo''jaz to'yonadir. Chunki, yangi nashr – O'zbekiston mustaqilligi 30 yilligining salmoqli solnomasi va Yangi O'zbekistonning o'ziga xos zafarnomasidir.
Fursatdan foydalanib, kitob-al`bomning elektron versiyasi va mobil-ilovalarini ham ishlab chiqishni taklif etamiz. Fikrimizcha, yangi o'quv yili boshida – 1 sentyabr` kuni o'tkaziladigan Mustaqillik darslari doirasida ushbu kitob taqdimoti ham tashkil etilsa, uning ma'no-mazmunini keng jamoatchilikka yetkazish imkoniyatlari yanada ortadi.
Akmal Saidov,
akademik
- Qo'shildi: 26.08.2021
- Ko'rishlar: 3784
- Chop etish