Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat Covid-19 haqidagi yolg'on ma'lumot koronavirusdan ham ko'ra xavfli ekaniga alohida e'tibor qaratib, barchaga rasmiy manbalardan foydalanishni tavsiya etmoqda. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ta'kidlaganidek, butun dunyo nafaqat koronavirusga qarshi, balki Covid-19 haqida noto'g'ri axborot ko'payishiga qarshi ham kurashmoqda.
BMT Bosh kotibining fikricha, mamlakatlar muntazam rasmiy ma'lumotlarni e'lon qilib borishlari zarur. Chunki hozirgi vaqtda pandemiyaga qarshi eng yaxshi qurol - bu ishonchli axborotdir.
Shu munosabat bilan aksariyat davlatlar bu boradagi milliy qonunchiligini takomillashtirmoqda. Mamlakatimizda ham 27 mart kuni “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun matbuotda e'lon qilindi va kuchga kirdi.
Qonunga muvofiq, karantinli va inson uchun xavfli bo'lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida aholi orasida asossiz vahima tarqalishining oldini olish, jamoat xavfsizligini ta'minlash hamda mutasaddi idoralarning normal faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish maqsadida Jinoyat kodeksi 244-(5)-modda bilan to'ldirilgan.
Bu borada haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatgan inson bazaviy hisoblash miqodorining 200 baravarigacha (44 million 600 ming so'm) miqdorda jarimaga tortiladi yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Shu kunlarda Facebook, Google va Twitter yolg'on axborotni bloklash va koronavirus haqida aniq ma'lumotni targ'ib qiluvchi xizmatni yo'lga qo'yishga kirishdi.
O'zbekistonda esa bir qator yangi Internet saytlari, jumladan, soxta axborotlarga raddiyalar uchun «Antifake.uz» deb nomlangan Telegram kanali tashkil etildi. Kanalda asosan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan koronavirus bilan bog'liq "feyk" xabarlar haqida ma'lumot berib borilmoqda.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzurida turli vazirlik, tashkilot va muassasalar mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumanlari va brifinglar muntazam o'tkazilmoqda. Bu, o'z navbatida, ommaviy axborot vositalariga koronavirusga qarshi kurashish doirasidagi eng muhim yangiliklarni birlamchi manabalardan olish imkonini bermoqda.
Ma'lumot uchun: Koronavirus Info (@koronavirusinfouz) kanali xabariga qaraganda, AQShning nufuzli nashrlaridan biri — «The Diplomat» Markaziy Osiyoda koronavirusga qarshi qanday kurashilayotgani haqida maqola e'lon qilgan (https://thediplomat.com/2020/03/how-is-central-asia-handling-covid-19/).
Ushbu tahliliy materialda koronavirusga qarshi O'zbekiston tanlagan yo'l muvaffaqiyatli ekani alohida ta'kidlangan. Hukumat barcha ma'lumotlarni ochiq va oshkora e'lon qilayotgani hamda aholi axborot olishi uchun bepul internetni yo'lga qo'ygani qayd etilgan.
Maqola muallifi Koronavirus Info (@koronavirusinfouz) kanali faoliyatiga ham to'xtalgan. U O'zbekistonda yangi tashkil etilgan ushbu kanalda 1,2 milliondan ziyod obunachi kunlik ma'lumotlarga ega bo'layotganini ta'kidlab, ushbu muvaffaqiyatlar boshqa mamlakatlar uchun ham o'rnak bo'lishi kerakligini aytgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.04.2020
- Ko'rishlar: 4508
- Chop etish