30 oktyabr – 13 noyabr kunlari Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida bugun qadimiy va hamisha navqiron kentda YUNESKOning 14-Yoshlar forumi tadbirlari boshlandi.
27-28 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan “Iqlim harakati va uning, ayniqsa, yoshlar uchun ijtimoiy ta’siri” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu yirik xalqaro anjuman YUNESKO va O‘zbekiston hukumati hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tashkilotchilarining ma’lum qilishicha, forum yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, ularning g‘oyalarini global miqyosda ilgari surish va barqaror kelajakni shakllantirishda ularning ovozini kuchaytirish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Tadbir doirasida bugun ishtirokchilar uchun Samarqand bo‘ylab madaniy sayohat hamda “Icebreaker” interaktiv tanlovi tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi bilan “Bag‘rikenglik kemasi” nomli xalqaro san’at loyihasiga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha turli davlatlar bolalarini san’at orqali do‘stlik, tinchlik va mehr g‘oyalari ostida birlashtirga qaratilgan.
Konsert dasturida yurtimiz yosh san’atkorlari bilan birga xorijlik san’atsevar yoshlar ham o‘z chiqishlarini namoyish etishdi. Turli millat va elatlar musiqa sadolari forum ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Eng muhimi, ushbu loyiha o‘zaro birdamlikni ta’minlashdek ulug‘vor maqsadni o‘zida aks ettirdi.
Forumning asosiy tadbirlari 27 oktyabr kuni boshlanadi. “Generation of Action” shiori ostida o‘tkaziladigan ochilish marosimida yoshlar iqlim bo‘yicha ilgari surayotgan tashabbuslar, innovatsion yechimlar va ularning global iqlim siyosatidagi o‘rni haqida o‘zaro fikr almashadi.
Tadbirda YUNESKO bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi hukumati vakillari, shuningdek, Nigeriya, Misr, Ispaniya, Boliviya va Braziliyadan yosh iqlim yetakchilari chiqish qilishi ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 27.10.2025
- Ko'rishlar: 85
- Chop etish
Ўзбекча
English
Русский