Yuridik ta’limni modernizatsiya qilishda “ta’lim - ilm-fan - amaliyot”ning uzviy integratsiyasi ta’minlanadi

Toshkent davlat yuridik universitetida “Yuridik ta’limga yangicha yondashuv: huquqshunos olimlar nigohida” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 26 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan tadbirda yurtimizda yuridik ta’lim sifatini oshirish, yuridik ta’limning zamonaviy tamoyillari va ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratildi. 

Xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlash jarayonini takomillashtirish, “ta’lim - ilm-fan – amaliyot” integratsiyasini kuchaytirish zarur. Ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va ularni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, xalqaro tajriba asosida yuridik kadrlar tayyorlashning yangi mexanizmlarini belgilash maqsadga muvofiq.  

Huquqshunos olimlarni bir joyga jamlagan anjuman davomida yuridik ta’limda fundamental fanlarni o‘qitish, milliy huquqiy qadriyatlarni talabalarga yetkazish, yuridik ta’lim va ilm-fanni muvofiqlashtirish borasida hamkorlikni kuchaytirish, yuridik ilm-fanning natijadorligini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi. 

Ilmiy-amaliy muhokama yuridik ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli  islohotlarni jadallashtirish, farmonda belgilangan vazifalarni amaliyotga samarali tatbiq etish, huquqshunoslik sohasida xalqaro talablar darajasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan muhim platformaga aylandi. 

Bu yurtimizda yuridik ta’limni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, huquqiy davlat barpo etish jarayoniga munosib hissa qo‘shadigan professional, intellektual salohiyatga ega yuridik kadrlar tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Tadbir davomida bildirilgan takliflar, fikrlar va amaliy tavsiyalar yuridik ta’limni modernizatsiya qilish, ilmiy faoliyatni kuchaytirish, “ta’lim – ilm-fan – amaliyot”ning uzviy integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha aniq strategik yo‘nalishlar ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech