Bola huquqlarining kafolatlariga doir qonunchilik takomillashtirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash, inson manfaatlarini ta'minlash, bolalar huquqlarini kafolatlash, tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar ko'rib chiqildi, deb xabar bermoqda ommaviy axborot vositalari.

Qonun loyihalari muhokamasida, eng avvalo, ularning hayotimizda qanchalik ahamiyatga egaligi, to'g'ridan-to'g'ri ishlaydigan hujjat sifatida amaliyotga qay darajada tatbiq etilishiga e'tibor qaratildi.

Majlisda ko'plab masalalar qatorida “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi batafsil ko'rib ­chiqildi.

Ushbu hujjat bilan bir qator qonunlarga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilayotgan o'zgartishga ko'ra, 18 yoshga to'lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsni, agar uning ota-onasidan biri, vasiylikka yoki homiylikka olgan shaxs O'zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asosga ko'ra yashash huquqiga ega bo'lsa, O'zbekiston Respublikasidan ma'muriy ­tarzda chiqarib yuborish taqiqlanmoqda.

Deputatlarning fikricha, bu ­bolalar huquqlarini ta'minlash barobarida, ularni har jihatdan qo'llab-quvvatlashga xizmat ­qiladi. Ta'kidlanganidek, qonun lo­yihasini ikkinchi o'qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan har bir taklif va mulohaza atroflicha o'rganib chiqildi.

Takliflarning ­aksariyati inobatga olindi va loyihaga tahririy o'zgartishlar kiritilib, maromiga yetkazildi. Havolaki normalar chiqarilib, to'g'ridan-to'g'ri ishlaydigan moddalar bilan boyitildi.

Qizg'in bahs-munozara, savol-javoblardan so'ng ushbu hujjat moddama-modda ko'rib chiqilishi jarayonida ba'zi masalalar borligi oydinlashdi. Parlament a'zolarining savollari, e'tirozlaridan kelib chiqib, loyiha quyi palataning navbatdagi majlisida ko'rib chiqilishi uchun mas'ul qo'mitaga qaytarildi.

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot markazi

Powered by GSpeech