Shu yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminari bo'lib o'tadi.
Ushbu nufuzli xalqaro anjuman IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi, O'zbekiston Respublikasi Hukumati va BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasini ishlab chiqish bo'yicha xalqaro tashabbusni ilgari surdi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatda asosiy e'tibor globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilishi maqsadga muvofiqdir.
Yillik 6-seminarda tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi. Anjuman ishi doirasida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi xalqaro konventsiyasi loyihasini qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratiladi.
Seminarda IHTning Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasi a'zolari, xalqaro ekspertlar, IHTga a'zo va kuzatuvchi maqomidagi 40 dan ziyod davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etadi.
Anjuman nihoyasida yakuniy hujjat qabul qilinishi kutilmoqda. Unda yoshlar huquqlarini to'liq ro'yobga chiqarish orqali ularning o'z mamlakatlari taraqqiyoti jarayonlarida bevosita ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan yoshlar siyosatini ishlab chiqish bo'yicha tavsiyalar bayon etiladi.
IHT Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi Yillik 6-seminarida qabul qilinadigan yakuniy hujjat, shuningdek, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etilishi mo'ljallangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.10.2019
- Ko'rishlar: 5864
- Chop etish