O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi
Qabul qilinganining 27 yilligiga
Mamlakatimizda 2017 yil 7 fevralda “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi” tasdiqlandi va izchil amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu dasturilamal hujjat davlat va jamiyatni rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi.
Harakatlar strategiyasi Konstitutsiyani takomillashtirish uchun asos bo'ldi. Bunda Asosiy qonun Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan demokratik islohotlarni amalga oshirishning konstitutsiyaviy poydevori sifatida xizmat qilishiga alohida e'tibor qaratildi.
Keyingi davrda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga 7 marotaba printsipial o'zgartirishlar kiritildi.
Birinchi o'zgartirish: 2017 yil 6 aprelda Konstitutsiyaning 7 ta moddasiga kiritilgan tuzatishlarda:
birinchidan, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish;
ikkinchidan, odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish;
uchinchidan, nomzodlarni tanlash va sud`yalar lavozimlariga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish – sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlarning muhim yo'nalishlari sifatida mustahkamlab qo'yildi.
Mazkur konstitutsiyaviy o'zgartishlar sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funktsiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga ega bo'ldi.
Shu maqsadda Konstitutsiyaning 80, 81, 83, 93, 107, 110, 111-moddalariga tegishli o'zgartishlar va qo'shimcha kiritildi. Ushbu tuzatishlarga muvofiq, Oliy xo'jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma'muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – O'zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.
Konstitutsiyaga sud hokimiyatining faoliyatini tubdan yaxshilashga, nufuzini oshirishga, sudlar tuzilishini takomillashtirishga hamda sud`yalarni tanlash va lavozimlarga tayinlash tizimini demokratlashtirishga qaratilgan o'zgartish hamda qo'shimchalarning kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari sudda ishonchli himoya qilinishini ta'minlash, mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.
Ikkinchi o'zgartirish: 2017 yil 31 mayda Konstitutsiyaning 4 ta moddasiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi.
Asosiy qonunimizning 80 va 93-moddalariga kiritilgan o'zgartishlarga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi etib qayta tashkil etilganligi va u o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi hamda Qo'mitaning raisi va rais o'rinbosarlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan lavozimga tayinlanishi hamda lavozimidan ozod qilinishi belgilandi.
Konstitutsiyaning 108-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud O'zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan Sud`yalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog'iston Respublikasining vakilini qo'shgan holda saylanadigan bo'ldi.
Konstitutsiyaning 108 va 109-moddalariga kiritilgan tuzatishlarda Konstitutsiyaviy qonunlarning, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to'g'risidagi qonunlarning imzolanguniga qadar Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, Oliy sudning muayyan ishda qo'llanilishi lozim bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to'g'risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatlarini ko'rib chiqish, shuningdek, har yili Oliy Majlis palatalariga va O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to'g'risida axborot taqdim etish borasidagi Konstitutsiyaviy sudning vakolatlarini kengaytirish nazarda tutildi.
Ushbu konstitutsiyaviy yangiliklarning hayotga tatbiq etilishi davlatimizda sudlov tizimini yanada takomillashtirish, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq hamda erkinliklari ishonchli himoyasini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, sudyalar va sud tizimi xodimlarini ijtimoiy rag'batlantirishni yuqori darajaga ko'tardi.
Uchinchi o'zgartirish: 2017 yil 29 avgustda Konstitutsiyaning 99-moddasidagi «shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan» degan so'zlar chiqarib tashlandi. Konstitutsiyaning 99-moddasiga o'zgartirish kiritish orqali Toshkent shahri tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tashkil etishning konstitutsiyaviy asosi mustahkamlab qo'yildi.
Konstitutsiyaning 102-moddasiga ham uchta o'zgartirish kiritildi. Ya'ni, Toshkent shahri tarkibidagi 11 ta tumanning barchasida xalq deputatlari Kengashlari tashkil etilishi munosabati bilan Konstitutsiyaning 102-moddasida tuman va shahar hokimlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilishning yagona tartibi o'rnatildi.
Ushbu konstitutsiyaviy o'zgartirishlar, avvalambor, poytaxt jamoatchiligiga Toshkent shahridagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarni amalga oshirishdagi ishtiroki va rolini kuchaytirish, tumanlarni rivojlantirishga o'z hissasini qo'shish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, hududlarni rivojlantirishning ustuvor dasturlarini amalga oshirish, tumanlarning bosh planlari va qurilish qoidalari, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarning miqdorini belgilash, qonun hujjatlariga muvofiq ular bo'yicha imtiyozlar berish ustidan nazorat qilish mexanizmi o'rnatilishini ta'minlamoqda.
To'rtinchi o'zgartirish: 2018 yil 15 oktyabrda Konstitutsiyaning 105-moddasi birinchi qismidagi "ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini" degan so'zlar "raisni (oqsoqolni)" degan so'zlar bilan almashtirildi.
Beshinchi o'zgartirish: 2019 yil 18 fevralda Konstitutsiyaning 80-moddasi 7-bandidagi va 93-moddasi birinchi qismining 24-bandidagi "Milliy" degan so'z "Davlat" degan so'z bilan almashtirildi.
Oltinchi o'zgartirish: 2019 yil 5 martda Konstitutsiyaning 3 ta moddasiga o'zgartirishlar kiritildi. Bu o'zgartishlarga muvofiq, endilikda Prezident O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma'qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi.
Yettinchi o'zgartirish: 2019 yil 4 sentyabrda Konstitutsiyaning 2 ta moddasiga o'zgartirishlar kiritildi. Shunga muvofiq, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita cheklashga yo'l qo'yilmaydi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy hayotning barcha sohalarida izchil va bosqichma-bosqich, uzviy va tizimli ravishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarning mustahkam yuridik manbai hamda asosiy huquqiy kafolatidir.
Huquqiy davlatchilik sari intilgan har qanday demokratik jamiyatda Konstitutsiya ustuvor ahamiyat kasb etadi. Binobarin, Konstitutsiya insoniyatning ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish va tashkil etish borasida kashf etgan eng muhim yutuqlaridan biridir.
Konstitutsiya o'z-o'zicha, ya'ni alohida, jamiyatdan ajralgan holda mavjud bo'lishi mumkin emas. Demakki, Konstitutsiyani dogma, ya'ni qotib qolgan qoidalar yig'indisi deb bo'lmaydi.
Konstitutsiya – dinamik hujjat. Ya'ni, u hayot jo'shqinligi va o'zgarishlarini o'zida aks etiradi. Shu ma'noda, Harakatlar strategiyasi yangi O'zbekistonning yangi konstitutsiyaviy qiyofasiga asos bo'lib xizmat qildi va xizmat qilmoqda.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 06.12.2019
- Ko'rishlar: 0
- Chop etish