Pandemiya sharoitida aholi iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari

Mamlakatimiz hududida koronavirus infektsiyasi qayd etilgani sababli 2020 yil 16 martdan boshlab ushbu infektsiya keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan maxsus choralar, ya'ni karantin joriy etildi. Karantin choralarining tatbiq etilishi davlat organlari va boshqa muassasalar ish tartibiga, tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatiga jiddiy o'zgartirishlar kiritilishiga, fuqarolarning erkin harakatlanishiga, shu jumladan, erkin mehnat qilish borasida ayrim cheklanishlarga sabab bo'ldi.

Shunga qaramay, pandemiya sharoitida ham mamlakatimizda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga qat'iy amal qilinmoqda. Asosiy qonunimizning37-moddasiga muvofiq, aholining ijtimoiy huquqlarini himoya qilish maqsadida masofadan turib faoliyat yuritish, ta'lim olishning masofaviy usullari keng yo'lga qo'yilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.

Ma'lumki, davlatimiz tomonidan yuritilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar zamirida aholi farovonligi va turmush tarzini yanada yaxshilash maqsadi mujassamdir. Mamlakatimizda amal qilib turgan epidemiologik vaziyatlarda inson huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish maqsadida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada qo'llab-quvvatlash zarurati yuzaga keldi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martda qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy  ta'sirini  yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida pandemiya sharoitini hisobga olgan holda, fuqarolarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo'llab-quvvatlash maqsadida bir qator yengilliklar yaratildi.  Jumladan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi aholining soliqlar bo'yicha to'lovlar miqdori keskin kamaytirildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni bilan fuqarolarga, hususan jismoniy va yuridik shaxslarga karantin davrida bir qator imtiyozlar yaratilganligini ko'rish mumkin. Jumladan, karantin davrida aholi extiyoji uchun zarur bo'lgan ayrim turdagi mahsulotlarni chetdan olib kirishda to'lanadigan bojxona boji va aktsiz solig'ining  nol` stavkalari ko'rsatilib, 2020 yilning 31 dekabrigacha amal qilishi belgilandi.

Konstitutsiyamizning 39-moddasiga asoslanib hamda mazkur farmonga muvofiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, moddiy yordam oluvchi aholi qatlami uchun joriy yilning mart-iyun` oylarida tugaydigan to'lov muddati, shuningdek bolalari bo'lgan nafaqa oluvchi oilalar va bola parvarishi uchun moddiy yordam oluvchilarning  to'lov muddati arizalarsiz 6 oy muddatga to'xtovsiz amalga oshirilishi belgilandi. Banklar tomonidan moliyaviy qiyinchilikka uchragan jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan kreditlarning so'ndirilish va fuqarolarning mulk va yer soliqlarini to'lash muddati uzaytirildi.

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda 2020 yilning yakuniga qadar:

14 yoshgacha bolalari bo'lgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirib, 700 mingtagacha yetkazishni;

bola 2 yoshga to'lgunga qadar bola parvarishi bo'yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi sonini 330 mingdan 400 mingtaga oshirishni;

moddiy yordam oluvchi kam ta'minlangan oilalarning amaldagi sonini 89 mingdan 100 mingtaga yetkazishni ta'minlash kabi vazifalar yuklatildi.

Konstitutsiyamizning 40 moddasida belgilab qo'yilganidek, “Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”. Pandemiya davrida ushbu konstitutsiyaviy me'yor to'la ta'minlanishini kafolatlash, ayniqsa, muhim sanaladi. Nafaqat milliy, balki xorijiy ekspertlar ham haqli e'tirof etganidek, mamlakatimiz aholi salomatligini saqlash, bemorlarga sifatli hamda tezkor tibbiy xizmat ko'rsatish, COVID-19 infektsiyasiga qarshi samarali kurash olib borish kabilar bo'yicha jahonning ko'plab davlatlariga o'rnak bo'la olmoqda. Yurtimizdagi barcha viloyat va shaharlarda koronavirus infektsiyasiga chalingan bemorlarni xalqaro standartlar asosida davolashga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari tashkil etildi. Natijada, O'zbekiston kasallikni jilovlashga muvaffaq bo'lib kelayotgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri bo'lib qolmoqda. Oxirgi ma'lumotlarga qaraydigan bo'lsak, mamlakatimizda koronavirusdan tuzalish ko'rsatkichi o'rtacha 90 foizdan yuqorini tashkil etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan me'yorlar pandemiya davrida ham mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga va mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etishga asos bo'lmoqda. Shu bilan birga, bu boradagi chora-tadbirlar pandemiyaning rivojlanishiga bog'liq holda doimiy o'zgaruvchan va moslashuvchan bo'lishi talab etiladi. Shu nuqtai nazardan, aholi orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ya'ni uy-joy sharoiti bo'lmagan oilalar qatlami uchun ajratilayotgan subsidiyalar miqdorini yanada ko'paytirish va moddiy yordamlarning haqiqatan ham muhtoj insonlarga yetib borishini ta'minlash, pandemiya sababli aholining iqtisodiy imkoniyatlari qisqarganini inobatga olib, uy-joy olish uchun ipoteka krediti foizi miqdorlarini kamaytirish kabi masalalar bo'yicha ham amaliy choralar ko'rish inson huquqlari kafolatlanishiga asos bo'ladi.

Hamidullo MO'MINOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali bo'lim boshlig'i

Powered by GSpeech