22 sentyabr – Xalqaro avtomobilsiz kun

Xuddi shu sana, Vazirlar Mahkamasining «Aholining sog'lom turmush tarzini qo'llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qaroriga muvofiq, O'zbekistonda «Avtomobilsiz kun» deb e'lon qilingan.
Shu munosabat bilan O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov davlat idoralari va mahalliy organlari rahbarlari, taniqli madaniyat va sport vakillarini shaxsiy namuna ko'rsatib, mazkur xalqaro sana bilan bog'liq tadbirlarda faol ishtirok etishga chorladi.
Ma'lum qilinishicha, 22 sentyabr kuni mamlakatimiz hududlarida, mahallalarda yashovchi uyushmagan yoshlar o'rtasida ham velosiped, skeyt va samokatlarda uchish musobaqalari tashkil etiladi. Avtomobilsiz kun aktsiyasi doirasida #carfreeday_uzbekistan, #shaxsiynamunakursat, #avtomobilsizbirkun xeshteglaridan foydalanib, ayni tadbirlarga aholini yanada keng qamrab olish ko'zda tutilgan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi jamoasi ushbu tashabbusni amalda qo'llab-quvvatladi. Erta tongdan Markazning xizmat mashinalaridan foydalanadigan rahbar shaxslari va shaxsiy avtomobillarida ishga qatnaydigan mas'ul xodimlari ishxonaga piyoda keldilar. Tushlik tanaffus paytidan foydalanib, koronavirus pandemiyasi sharoitlarini hisobga olgan holda, sport zalida jamoa ishtirokida turli mashg'ulotlar tashkil etildi.
Bu kabi tadbirlarni o'tkazish mamlakatimizda yo'l xarakati xafsizligini yanada takomillashtirish, shahar aholisi o'rtasida ekologik madaniyat hamda sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadini ko'zlaydi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ham o'z tavsiyalarida jismoniy faollikni oshirish infektsion, yurak-qon tomir, saraton va qandli diabet kasalliklar profilaktikasida muhim o'rin tutishini ta'kidlaydi. Shu ma'noda, dunyoda pandemiya bilan bog'liq kamharakatlilik vaziyatida bunday aktsiyaning o'tkazilishi ayni muddao bo'ldi.

 


Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech